Xalqaro tadbirni IHTning Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Hoji Ali Achikgul kirish soʻzi bilan ochdi. IHT Bosh kotibi oʻrinbosari Asqar Musinov, Pokiston Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Kurayshiy anjuman qatnashchilarini qutladi. BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Mishel Bacheletning videomurojaati namoyish qilindi.

Anʼanaviy yillik seminar Pokiston Islom Respublikasi hukumati va BMT Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbirda IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi aʼzolari, shuningdek, turli xalqaro tashkilotlar ekspertlari, IHTga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar hamda inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy muassasalar vakillari qatnashyapti.

Xalqaro anjumanda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari Mirzatilla Tillaboyev ishtirok etyapti.

Korrupsiya – keng changal yozgan global muammo boʻlib, inson hayotining barcha sohalariga daxl qilishi hamda jamiyat va davlatning barcha darajalardagi faoliyatiga surunkali salbiy taʼsir koʻrsatishi bilan nihoyatda xatarlidir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining soʻnggi maʼlumotlariga qaraganda, korrupsiya, yaʼni pora va oʻmarilgan mablagʻlar oqibatida yuzaga kelayotgan global yoʻqotishlar har yili 3,6 trillion dollar hajmidagi ulkan miqdorni tashkil etadi. Bu, oʻz navbatida, dunyodagi barqaror taraqqiyot, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarning oʻsishi yoʻlida jiddiy toʻsiq boʻladi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining eʼtirof etishicha, xalqaro hamjamiyat keng koʻlamdagi korrupsiya inson huquqlariga halokatli taʼsir koʻrsatishini tobora chuqur anglab yetmoqda. Bu omil, ayniqsa, korrupsiya taʼsirida hukumatlarning inson huquqlari sohasidagi oʻz majburiyatlarini bajarish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini toʻliq amalga oshirish borasidagi layoqatini susaytirishi, oqibatda esa jamoatchilikning oʻz mamlakatlari hukumatlariga ishonchsizligi ortishi misolida yaqqol koʻrinadi.

IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining faoliyat koʻlami sohalariga insonning barcha huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish, jumladan, IHTga aʼzo davlatlarning taraqqiyot huquqini qoʻllab-quvvatlash ham kiradi. Shu maʼnoda, xalqaro seminarda korrupsiyaga qarshi kurashning eng maqbul modelini aynan inson huquqlari nuqtayi nazaridan kelib chiqib shakllantirish istiqbollari muhokama etilyapti.

Seminar 7-yanvarda oʻz ishini yakunlaydi. Xalqaro anjuman nihoyasida yakuniy hujjat qabul qilinishi kutiladi.

Maʼlumot uchun: Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiya – IHTning muntazamlik asosida faoliyat olib boradigan mustaqil tuzilmasidir. U IHTga aʼzo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 2011-yil 28-30-iyun kunlari Astanada boʻlib oʻtgan 38-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq tuzilgan.

Komissiya IHTning nizom va deklaratsiyalarida, shuningdek, inson huquqlari borasida umum eʼtirof etilgan hujjatlarda qayd etilgan fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarni islom qadriyatlari bilan muvofiq holda mustahkamlab borish bilan shugʻullanadi. U, shuningdek, davlatlararo muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2017-yil 10-11-iyul kunlari Kot dʼIvuarda boʻlib oʻtgan 44-sessiyasi doirasidagi saylovda IHTning Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasiga Osiyo qitʼasidan Oʻzbekiston vakili – Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov aʼzo boʻlgan. Soʻng 2018-2020-yillarda A.Saidov Komissiya raisi sifatida faoliyat olib bordi.

IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining 6-seminari 2019-yil 7-8-oktyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan. Oʻshanda yillik seminar “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusida tashkil etilgandi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazini matbuot xizmati.