Tanqidiy ruhda oʼtgan yigʼilishda Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qoʼmitasi rahbariyatiga mazkur yoʼnalishda bir qator topshiriqlar berildi.

Milliy Olimpiya qoʼmitasi va Sportni rivojlantirish vazirligi hamkorlikda tuzilgan reja asosida berilgan topshiriqlar ijrosini hududlar kesimida amalga oshirish ishlarini boshlab yubordi.

Аyni paytda Qoʼmita raisi oʼrinbosarlari Аzizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov  Аndijon viloyatida boʼlib turishibdi. Ular viloyat hokimligi, sportni rivojlantirish boshqarmasi, BOʼSM, IBOʼSM, OZKlarning masʼul mutasaddilari, trener va hakamlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Аzizjon Kamilov Prezidentimiz tomonidan videoselektor yigʼilishida bildirilgan barcha tanqidiy eʼtirozlar oʼrinli ekanligi, sohada yoʼl qoʼyilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish uchun  ustuvor vazifalar belgilab berilganligini aytib oʼtdi.

"Biz birgalikda bu ishlarni samarali tarzda amalga oshirib, masʼuliyat va vijdonan ishlashimiz kerak", deb  taʼkidladi А.Kamilov.

Tashrif davomida ishchi guruh sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlari, federatsiyalar va Respublika oliy sport maxorati maktablari oʼrtasida selektsiya borasida uzviy yangi mexanizmni shakillantirish, sport taʼlimini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash, Olimpiya zaxiralari kollejlaridan munosib sportchilarning yetishib chiqmasligi sabablari,  joylardagi mutaxassis va trenerlarning malakasi, yoshlarni sportga jalb qilish, iqtidorli sportchilarni saralash va selektsiya qilish boʼyicha milliy chempionatlarning viloyat bosqichini oʼtkazish tizimlarini oʼrganib chiqdi.

Bundan tashqari xududlarda sport turlari boʼyicha faoliyat olib borayotgan trenerlar va hakamlarning shaffof, odilona ishlash tizimini yaratish, ularning saloxiyatini hamda  ishlash samaradorligini oshirish masalalari ham koʼrib chiqildi.

Uchrashuv davomida Sherzod Tashmatov, hududlarda yoshlarni sportga jalb etish, ularni saralash boʼyicha yangi tizim joriy qilish boʼyicha Prezidentimiz bergan topshiriqlari asosida, dzyudo va taekvondo sport turlari misolida yangi tizim ishlab chiqilganligini qayd etdi va bu tizim mexanizmi boʼyicha musobaqalarni sport turlari xususiyatlaridan kelib chiqib, xar bir hududning tuman va shaxarlarida yosh toifalari boʼyicha zonalar va sektorlar kesimida musobaqalarni oʼtkazish, mazkur  sektorlarga masʼul trenerlar va mutaxassislarni biriktirish, musobaqalarni boshqarishda shaffof va odilona xakamlik korpuslarini yaratish kerakligi hamda musobaqada gʼolib va sovrindor boʼlgan iqtidorli sportchilarni sport maktablari va Olimpiya zaxiralari kollejlariga yoʼnaltirish tizimi bilan tanishtirib oʼtdi.

Ushbu ishlab chiqilgan yangi tizim mexanizmi boshqa olimpiya sport turlari boʼyicha ham zonalar va sektorlar kesimida yoshlarni sportga jalb etish va selektsiya musobaqalari oʼtkazishda qoʼllanilishini maʼlum qildi. 
Ishchi guruhning keyingi manzili Fargʼona viloyati boʼladi.