Qabul Turkiyaning mazkur Klinikalar tarmogʻida stajirovka oʻtagan toshkentlik shifokorlar tomonidan olib borildi.
Andijonlik bemorlarni konsultatsiyadan oʻtkazgan shifokorlar orasida neyroxirurg, onkoxirurg, travmotolog-ortoped, gematolog, ginekolog va boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.
Konsultatsiya jarayonida aniq tashxis qoʻyish va samarali davolash maqsadida Milliy palataning Andijondagi hududiy boʻlinmalari tomonidan tayyorlov ishlari olib borilgan. Natijada koʻpchilik bemorlar shifokorlarga qoʻlida har xil parametrlar boʻyicha tekshiruvlarning, jumladan MRT, UZI va boshqalarning natijalari bilan kelgan.
Shuni qoʻshimcha qilamizki, mazkur konsultatsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining tarkibiga 34ta tibbiyot tashkilotlari jamlangan Medical Park (Turkiya) Klinikalar tarmogʻi bilan 2022-yil fevral oyining soʻngida imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum asosidagi birgalikdagi rejalarini amalga oshirishining boshlanishi boʻldi.
Kelishuv doirasida mamlakatimizning turli hududlaridagi bemorlarni aniq tashxislash va davolashga mutaxassislarni, jumladan Turkiya shifokorlarini xayriya asosida jalb etish koʻzda tutilgan. Bunda ilgʻor tibbiy tajribalar almashish, Turkiyaning ilgʻor tibbiyot muassasalarida mamlakatimiz mutaxassislarining stajirovkasini tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini eng yaxshi xalqaro tajribalar asosida rivojlantirishni maqsad qilgan boshqa yoʻnalishlar ham mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi