Talabalarga vebinarda ishtirok etish imkoniyatni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi yaratib berdi.
Bu Milliy palataning mamlakatimiz Sogʻliqni saqlash tizimiga eng yaxshi xalqaro tajribani, Oʻzbekiston shifokorlarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimini olib kirish boʻyicha dasturini amalga oshirishda yana bir qadam boʻldi.
Boʻlajak mutaxassislarning tegishli sertifikat olish sharti bilan onlayn oʻquvda ishtiroki haqidagi kelishuv bundan bir necha kun avval Milliy palata va Dalhousie University oʻrtasida boʻlib oʻtgan muzokaralarning navbatdagi raundida qoʻlga kiritilgan edi.
Milliy palata va Kanada universitetining hamkorlik darajasini inobatga olgan holda, Kanada dantistlari uchun oʻtkazilgan mazkur kurs tashkilotchilari Oʻzbekistonning 20 nafar boʻlajak stomatologlariga bepul ishtirok etish imkonini yaratib berdi.
Olingan yangi bilimlar shuningdek, Kanadaning taʼlim kurslari darajasini amalda baholashga yordam berdi. Vebinarni Dalhousie Universityning stomatologiya fakulteti professori Nader Xamdan olib bordi.
Toshkent davlat stomatologiya institutining bakalavriat va magistratura talabalari dental implantantlar atrofidagi yumshoq va qattiq toʻqimalarning asoratlari mavzusiga bagʻishlangan onlayn seminarda muvaffaqiyatli ishtirok etdilar. Oʻquv yakunida esa talabalar Uzluksiz taʼlim tizimidagi xalqaro talablarga muvofiq sertifikatga, shuningdek maxsus ajratilgan 2,0 kredit (SES) ga ega boʻldilar.
Milliy palata va Dalhousie University vakillari oʻrtasidagi muzokaralar davomida taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda shuningdek, kredit-modul ballar tizimi bosqichma-bosqich joriy etilyapti. Ushbu tizimga asosan yaqin kelajakda shifokorlarni barcha rivojlangan mamlakatlarda ыщllanilayotgan sertifikatlash tizimini joriy etish rejalashtirilgan. Xususan, muzokaralar davomida stomatologiya fakulteti menedjeri Ketrin Layl taʼkidlaganidek, litsenziyalash Kanadaning barcha ishlayotgan stomatologlari uchun shart boʻladi.
Undan tashqari, u Kanadada stomatologlar uchun har uch yilda albatta malaka oshirish joriy etilganini, va shifokor uchun litsenziya muddatini uzaytirishga asos boʻlib belgilangan muddat oraligʻida 90 soat kredit-modul tizimi boʻyicha oʻqish belgilanganligini taʼkidladi. Shunday ekan, mutaxassislar uchun har xil oʻquv kurslari zarur. Bunday tizimli malaka oshirish esa zamonaviy bilim olishni va bemorlarni davolash, kasallanishning oldini olishda soʻngi innovatsiyani joriy etishni kafolatlaydi.
“Shubhasiz, shifokorlarning, hozirgi holatda — stomatologlarning malakasining doimiy oshirilishidan bizning mamlakatimiz ham manfaatdor. Shundan kelib chiqib, Milliy palata va Dalhousie Universityning stomatologiya fakulteti tomonidan Oʻzbekiston stomatologlarining Kanada universiteti malaka oshirish kurslarida ishtirok etish masalasini ishlab chiqish, Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalari va magistrlarini taʼlim boʻyicha vebinarlarga jalb etish va hamkorlikning boshqa bir qator yoʻnalishlari haqida kelishuvga erishildi“, — deydi mazkur tizim rahbari Rovshan Izamov.
Shuni qoʻshimcha qilamizki, Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining stomatologiya sohasi boʻyicha loyihasi, jumladan mazkur davlat tizimining Toshkent davlat stomatologiya instituti bilan hamkorligi haqidagi Memorandumiga asosan amalga oshirilyapti, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.