Milliy palata koʻmagida koreyalik shifokorlar 20 nafar bemorni operatsiya qiladi

    Salomatlik 1 Avgust 2022 1708

    Koreyalik shifokorlar bu yil kuzda “tanglay yorilishi” diagnozi bilan 20 nafar atrofida bemorni tekinga operatsiya qilishni rejalashtirgan. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi ushbu tashabbusni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlaydi.

    Operatsiyani Seul stomatologiya klinikasi Milliy universiteti (SNUH) jarrohlari olib boradi. Dastlabki bosqich bemorlar roʻyxatini tayyorlash, ularni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va oʻtkazilajak aksiya haqida muzokaralar oʻtkazishdan iborat. Shu maqsadda SNUHning ikki nafar vakili Oʻzbekistonda boʻldi.

    Ular tashrif davomida Milliy palata tomonidan operatsiya oʻtkazilishi uchun tanlangan klinikada boʻlib, u yerda bemorlarni tanladi, shuningdek ularni tahlillarini oʻrgangan holda dastlabki koʻrikdan oʻtkazdi.

    “Biz SNUHning “tanglay yorilishi” diagnozi bilan bemorlarni operatsiya qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatlashdan xursandmiz. Bular asosan kam taʼminlangan oilalarga mansub bolalar va oʻsmirlar. Ularning koʻpchiligida bu patologiya murakkab kechyapti. Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida ular oʻz hayotlari sifatini yaxshilab olishlari, yangi rejalar tuzib, ularni amalga oshirishlari mumkin”, — dedi Koreya delegatsiyasi bilan uchrashuv jarayonida Milliy palata raisi Rovshan Izamov.

    Kuzda 20 nafar SNUH mutaxassislaridan iborat dyelegatsiyaning tashrifi kutilyapti. Mazkur hamkorlik bemorlarga yordam koʻrsatishdan tashqari Oʻzbekiston shifokorlarining malakasini oshirish, amalda bu turdagi operatsiyalarda jarrohlikning eng soʻngi innovatsiyasini taqdim etish imkonini beradi.

    “Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni inobatga olgan holda Universitetimiz shuningdek, yurtingiz sogʻliqni saqlash tizimi rivojiga oʻz hissasini qoʻshishni muhim vazifa sanaydi. Bunday rejalarni amalga oshirishda Sogʻliqni saqlash milliy palatasi, uning rahbariyati va viloyatlardagi boʻlinmalari kabi ishonchli hamkor topganimizdan xursandmiz”, — taʼkidladi SNUH professori Byong Mo Seo.

    Shuni qoʻshimcha qilish joizki, operatsiyalar Toshkent viloyatida amalga oshiriladi. SNUH mutaxassislari Oʻzbekistonda anʼanaga oid xayriya operatsiyalarini oʻtkazib turadi. Bu ularning shu maqsadda 10-marta yurtimizga tashrif buyurishi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi.