Milliy palata loyihasi: insultni dastlabki 4 soatda aniqlash

    Salomatlik 14 Yanvar 2021 756

    Insultni dastlabki 4 soatda sunʼiy intellekt yordamida aniqlash usulini Oʻzbekistonda joriy etish rejalashtirilyapti. Shu maqsadda Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi Qozogʻistonning “Cerebra.ai Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlik oʻrnatgan.

    2021-yil 13-yanvarda tomonlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida sogʻliqni saqlashni raqamlashtirish borasida xalqaro hamkorlik rivojiga hissa qoʻshadigan Memorandum imzolandi.

    Milliy palata tomonidan qozogʻistonlik hamkorlari bilan birgalikda Oʻzbekistonda sunʼiy intellektni joriy etgan holda tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha ilk loyihani amalga oshirish rejalashtirilyapti. Yaʼni ishemik va gemorragik insultlarni avtomatlashtirilgan holda tashhislash boʻyicha “Syerebra” tizimini joriy etish koʻzda tutilgan.

    “Syerebra” platformasiga joriy etilgan sunʼiy intellekt davolash muassasalarida oʻrnatilgan kompyuter tomografiyasi bilan integratsiyalashganidan keyin insultni dastlabki 4 soatda aniqlash imkonini beradi. Buni shunchaki kompyuter tomografiyasi natijasini oʻqib anglash mushkul.

    Undan tashqari sunʼiy intellekt insult yadrosi toʻqima zichligidagi oʻzgarishni uni miyaning boshqa shikastlanmagan toʻqimasi bilan solishtirgan holda hisoblashga qodir. Bu oʻz oʻrnida bosh miya kompyuter tomografiyasining vizual maʼlumotlarini tahlil qilishda inson xatosini imkon qadar kamaytirishga olib keladi.

    “Bemorga oʻz vaqtida davo belgilash mazkur loyihani joriy etishning natijasi sanaladi. Bu oʻz oʻrnida inson salomatligi uchun muhim boʻlgan eng oddiy funksiyalarni, mehnat qilish qobiliyatini yoʻqotish xavfini pasaytiradi, hamda insultni boshidan kechirgan insonni tezda toʻlaqonli hayotga qaytarish imkonini beradi”, — deb taʼkidladi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi raisi Rovshan Izamov.

    Memorandumni imzolash paytida tomonlar yaqin ikki hafta ichida Milliy palata mutaxassislari tomonidan Olma-ota shahrining 7-sonli shahar shifoxonasida noyob “Syerebra” tizimining ishlashini tahlil qilinishiga kelishib oldilar, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.