Milliy palataning Hududlarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida bir qator hududlar aholisi orasidan ijtimoiy yordamga muhtoj qismi bepul tashxislash paketlari (vaucherlar) bilan taʼminlandi. Mazkur paketlarga bemorlarni kardiologiya, urologiya va terapiya yoʻnalishlari boʻyicha skrining tekshiruvidan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan laboratoriya tahlillari kiradi.
Loyihaning dastlabki bosqichida tashxislash paketidan Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar aholisi foydalanadi. Ishtirokchilar roʻyxati Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasining hududiy boʻlinmalari tomonidan shakllantiriladi.
“Bugungi kunda Milliy palata oʻzining Hududlarni qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida aholining skriningi masalasini, ayniqsa ijtimoiy koʻmakka muhtoj aholi skriningi masalasini alohida nazoratga olgan”, — deydi mazkur tizim rahbari Rovshan Izamov.
“SwissLab” kompaniyasi (Oʻzbek-Shveysariya qoʻshma korxonasi) mutaxassislari joriy yil mart-aprel oylari davomida 6 ming kishini laboratoriya tahlilidan oʻtkazadi. Mazkur kompaniyaning laboratoriya tahlillari Yevropa sifati standartlariga mos keladi. Shunday ekan, qoʻshma loyiha eng avvalo yuqori sifatli skrining oʻtkazishni maqsad qilgan, deb xabar beradi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.
Bu, oʻz oʻrnida, bemorlarni tashxislash darajasini koʻtarish, tashxis qoʻyishda xatolar sonini kamaytirish, tibbiy statistikani yaxshilashga olib keladi.