Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy vakili bilan hamkorlikda «Oʻzbekistonda milliy preventiv mexanizmni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish istiqbollari» mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Ushbu xalqaro tadbirni tashkil etishdan maqsad harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarga nisbatan insoniylikka zid boʻlgan qiynoqlarning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashishdagi milliy va xorijiy tajribalarni oʻrganish yuzasidan tadbir ishtirokchilariga maʼlumotlarni yetkazish hisoblanadi.

Konferensiyada Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Bosh prokuratura, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi hamda qator davlat tashkilotlari vakillari, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) huzuridagi komissiya aʼzolari, BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakili, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakili, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy boʻlinmasi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, “Xalqaro qamoqxonalar islohoti”ning Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi (PRI), Rossiya, Serbiya, Vengriya, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlari Ombudsmanlari shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Xalqaro tadbirda soʻzga chiqqan Inson huquqlari boʻyicha vakil Feruza Eshmatova Davlat rahbarining joriy yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori inson huquqlari himoyasi Oʻzbekiston uchun muhim yoʻnalish ekanligidan darak berishini alohida qayd etdi.

Uning soʻzlariga koʻra, mazkur qaror 2019-yilda ilgʻor xalqaro tajribalarga asoslangan holda ish boshlagan Ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish boʻyicha milliy preventiv mexanizm (MPM) faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Milliy preventiv mexanizm – qiynoqning har qanday koʻrinishlarining oldini olish maqsadida mustaqil xalqaro va milliy organlarning ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar saqlanadigan joylarga muntazam tashriflar tizimini yaratishdir. Aslida, MPMning ahamiyati ulkan. Qiynoqlardan jabrlanganlar doim ham ular duch kelgan vaziyatlar haqida oʻz vaqtida xabar berish imkoniyatiga ega boʻlmasliklari mumkin. Mana shunday vaziyatda Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhining oʻrganishlari va monitoring tashriflari kerakli signalni berishi mumkin, - dedi Ombudsman.

Alohida qayd etish lozimki, qiynoqlarni oldini olish boʻyicha monitoring tashriflari nafaqat jazoni ijro etish muassasalariga, balki 200 dan ortiq yopiq muassasalar, jumladan, ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalari, narkologik dispanserlar, reabilitatsiya markazlari, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylariga hamda boshqa qator muassasalarga amalga oshiriladi. Tadbirda qayd etilishicha, MPM dunyoning koʻplab mamlakatlari, jumladan Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va boshqa qator davlatlarda joriy etilgan.

Xalqaro konferensiya oʻz ishini seksiyalarga boʻlingan holda olib bordi. Unda jazoni ijro etish muassasalarida inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning samaradorligini oshirish, unda fuqarolik jamiyati vakillarining tutgan oʻrni, milliy preventiv mexanizm: xorijiy va Markaziy Osiyo davlatlari tajribasi mavzulariga oid maʼruzalar tinglandi va muhokama etildi.

Xalqaro konferensiya yakunlariga koʻra, mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan qiynoqlarni aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirishga va ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.