Bugungi globallashuv sharoitida axborot almashinuvi tezlashib, turli madaniyatlar oʻzaro yaqinlashayotgan bir paytda milliy oʻzlikni asrab-avaylash, azaliy qadriyatlar va anʼanalarni saqlab qolish hamda ularni kelajak avlodga yetkazish har jihatdan dolzarb.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida belgilangan vazifadan kelib chiqib, “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi nashrdan chiqdi.
Loyiha doirasida 28 nafar olimlar, ziyolilar va yuqori malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruh shakllantirilib, 8 ta yoʻnalish — Yangi Oʻzbekistonning milliy qadriyatlari, milliy-axloqiy qadriyatlar, urf-odatlar, marosimlar, bayramlar, milliy oʻyinlar, milliy-tabiiy hamda milliy-badiiy qadriyatlar boʻyicha keng qamrovli tadqiqot ishlari olib borildi.
4-fevral kuni Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida ushbu kitob-albomning taqdimot marosimi oʻtkazildi
Ushbu kitob Barcha hududlardan jamlangan maʼlumotlar asosida oʻzbek, ingliz va rus tillarida chop etildi. Nashrni tayyorlash jarayonida 1700 dan ortiq matn, 3 mingdan ziyod surat, 300 dan ortiq milliy qoʻshiq hamda 2 mingga yaqin video va audio materiallar tahlil qilindi.
Kitobda Markaziy Osiyoda shakllangan yuksak ilmiy-madaniy muhit ifoda etiladi. Qadimgi turkiy bitiklar, xalq ogʻzaki ijodi namunalari, shuningdek, allomalar merosi milliy qadriyatlarning asosiy manbalari sifatida tahlil qilinadi. Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va islom qadriyatlarining yuksalishi alohida eʼtirof etiladi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar kitob-albom milliy qadriyatlarning tarixiy uzviyligi, vorisiyligi va bugungi jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini yoritishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
- “Biz keyingi avlodga nima qoldiryapmiz? Qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni ularga qanday yetkazamiz? Shu savolga javob qidirib, yigirmaga yaqin olimlar bilan 1,5 yil davomida birga mehnat qildik”, – deydi Otabek Hasanov.
Quvonarlisi, ushbu materiallar asosida qadriyatim.uz elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishlab chiqildi. Platforma doimiy yangilanib boriladigan, chet ellik foydalanuvchilar va xorijdagi vatandoshlar uchun milliy qadriyatlar, moddiy va nomoddiy madaniy meros haqida bir nechta xorijiy tillarda maʼlumot taqdim etuvchi interaktiv axborot bazasi hisoblanadi.
Shu bilan birga, joriy yilda “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda kitob-albomni qoʻshimcha 1000 nusxada chop etish, xorijdagi vatandoshlar va diaspora vakillari ishtirokida elchixonalarda taqdimotlar oʻtkazish, shuningdek, kitob-albomning oʻzbek, ingliz va xitoy tillaridagi yangi nashrlarini tayyorlash rejalashtirilgan.