Prezidentimiz joriy yilning 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog'ida milliy iftixor-g'ururimiz sanalgan qorabayir otlari, milliy qadriyatlarimiz bo'lgan chavandozlik, do'ppi va do'mbiraning yoshlar ma'naviyatiga ta'siri, xususan, Vatanga muhabbat uyg'otishi haqida alohida to'xtalgan edi.
Shu maqsadda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Markazi Surxondaryo viloyat bo'limi tashabbusi bilan Sho'rchi tumani “Egarchi” mahalla fuqarolar yig'inida "Qorabayir — o'zbegimning uchar otlari!" mavzuida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi.
“elni yo polvoni, yo oti tanitadi”, deydi xalqimiz. Bugungi globallashuv davrida o'ziga xos va mos milliy, diniy qadriyatlarga asoslangan xalqimizning tarbiya borasidagi azaliy an'analari “ommaviy madaniyat”, mentalitetimizga yot g'oya va qarashlar ta'sirida asl mohiyatini yo'qotib borayotgani barchamizni tashvishga solishi ayni haqiqatdir.
“Yoshlar tarbiyasida o'zbek milliy qadriyatlarining tutgan o'rnini oshirish, mustahkamlash borasida tashkil etilgan ushbu tadbirda yoshlarimiz milliy do'ppi va do'mbiramizning tarixi, turlari hamda xususiyatlari to'g'risida bergan savollariga atroflicha javob olgan bo'lsa, ularni hayajonda ushlab turgan narsa mohir chavandozlar tomonidan o'tib berilgan mahorat darslari bo'ldi.
“Ot — er yigitning qanoti” deb naql qilguvchi donishmand xalqimizning ko'p ming yillik dostonlarida ham ot yigitning qanoti timsolida yuksak maqomda madh etiladi, sohibining yaqin hamrohi, ishonchli ko'makchisi sifatida ta'riflanadi. Shu bois, xalqimizning otga bo'lgan mehri yuksakligicha qolaveradi.