Milliy qonunchiligimizda 1-yanvardan nimalar oʻzgaradi

    Mamlakatimizda 28 Dekabr 2023 1469

    2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar quyidagilardan iborat:

    Temir yoʻlda yuklarni tashishda berilgan imtiyozlar bekor qilinadi

    Temir yoʻlda yuklarni mahalliy, eksport va import yoʻnalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar bekor qilinadi, ikki yoki undan koʻp xorijiy mamlakatlarning temir yoʻl maʼmuriyatlari bilan kelishuvlarga asosan taqdim etilgan chegirmalar bundan mustasno.

    Shuningdek, yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yoʻlovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi.

    Oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlar alohida shartlarda beriladi

    Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar 3-yilgacha muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada ajratiladi.

    Xorazm viloyatining maktab oʻquvchilariga planshetlar tarqatiladi

    Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida, barcha boshlangʻich sinf oʻquvchilari taʼlim planshetlari bilan taʼminlanadi.

    Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan toʻyintirilgan non mahsulotlari berilishi yoʻlga qoʻyiladi

    Nodavlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun bank kreditlari boʻyicha foiz stavkalarining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi.

    Poytaxtda davlat tibbiy sugʻurtasi joriy etiladi

    Toshkent shahrining tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va kasallik guruhlari boʻyicha dori vositalari roʻyxatini nazarda tutuvchi davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.

    Xotin-qizlarni kasbga oʻqitishda yordam koʻrsatiladi

    Ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

    Iqtisodiy faoliyatni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash kuchaytiriladi

    Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sugʻurtalashda sugʻurta mukofotining 50% miqdorida subsidiya beriladi.

    Davlat ulushi 50%dan yuqori boʻlgan tashkilotlar tomonidan har yili amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari qiymatining kamida 5%ini obligatsiyalar chiqarish orqali moliyalashtirish tartibi joriy etiladi.

    Izlanish va rivojlanish (R&D) markazlari uchun ular tashkil etilgan kundan boshlab 3-yil muddatga mol-mulk soligʻi va yer soligʻi boʻyicha hisoblangan summa miqdorining 1% toʻlanadi, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1% miqdorida hisoblanadi.

    Pedagogik kadrlarga kategoriyalar yangicha tartibda beriladi

    Davlat maktabgacha, umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.

    Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari direktorlarini har 5-yilda bir marotaba kasbiy sertifikatsiyalash tizimi joriy etiladi. Bunda, sertifikatsiyadan oʻta olmagan direktorlar lavozimidan ozod etiladi

    Raqamli texnologiyalar vazirligi ayrim funksiyalarini xususiy sektorda oʻtkazadi

    Xususiy sektorga vazirlikning quyidagi funksiyalari oʻtkaziladi:

    aloqa sohasidagi binolar, inshootlar va boshqa obyektlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;

    aloqa sohasidagi mahalliy, shaharlararo va xalqaro tarmoqlarni loyihalashtirish.

    Shuningdek, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan har 6 oyda inson omilisiz shakllanadigan aholi va tadbirkorlik subyektlarining YAIDXPdagi raqamli xizmatlar va servislardan qoniqish darajasi reytingi eʼlon qilib boriladi.

    Pensiya taʼminotida oʻzgarishlar

    Pensionerga hisoblangan, lekin oʻz vaqtida olinmagan pensiyani toʻlash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi.

    Kreditorlar huquqlarining himoyasi kuchaytiriladi.

    Toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonida kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatidan qanoatlantirishda ularga mutlaq ustunlik beriladi.

    Garovga qoʻyilgan mol-mulkni takroriy auksionda sotish mumkin boʻlgan eng past narxni auksion obyekti boshlangʻich narxining 80% miqdorida belgilanadi (mol-mulk takroriy auksionda realizatsiya qilinmasa, undiruvchiga ushbu mol-mulkni auksion boshlangʻich narxidan 25 % past qiymatda oʻzida qoldirish taklif qilinadi).

    Undiruv qaratilgan garovga qoʻyilgan mol-mulkning ochiq kimoshdi savdosida sotilishini garovga qoʻyuvchining iltimosiga asosan kechiktirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Qarzdorning ixtiyoriy ravishda tugatilishi jarayoni boshlanishi munosabati bilan ijro ishini tamomlash hamda mol-mulkni tasarruf qilishga doir cheklovlarni olib tashlash amaliyoti bekor qilinadi.

    5 ta hududda yoʻlovchilarni tashish tizimi “brutto-shartnoma”larga oʻtkaziladi

    Andijon, Samarqand, Namangan, Qarshi va Urganch shaharlarida muntazam shahar avtobus yoʻnalishida cheklangan tariflar boʻyicha yoʻlovchilar tashishni brutto-shartnoma asosida tashkil etish va moliyalashtirish tizimi ishga tushiriladi.

    Maʼmuriy sudlarga daʼvo kiritishda davlat boji undirilmaydi

    Maʼmuriy sudlarga shikoyat qilishda fuqaro va tadbirkorlik subyektlaridan davlat bojini undirmaslik, bunda davlat bojini ishni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha aybdor tarafdan undirish tartibi joriy etiladi.

    Oʻrmon fondi yerlari ijaraga “E-ijara” orqali beriladi

    Oʻrmon fondining foydalanilmayotgan yer uchastkalarini jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berish boʻyicha materiallarni toʻplash, koʻrib chiqish, vakolatli organlar va tashkilotlar bilan kelishish “E-ijara” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

    Oʻrmon fondining foydalanilmayotgan yer uchastkalarini “E-auksion” platformasi orqali ijaraga berishda quyidagi hollarda ijara toʻlovining “nol” stavkasi qoʻllaniladi, deb xabar beradi Norma.uz portali.