Prezidentimizning 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-martdagi 237-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida har yili Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Milliy raqs ijrochilari” respublika koʻrik-tanlovi oʻtkazib kelinadi. Yaqinda Toshkent shahrining Turkiston sanʼat saroyida mazkur respublika koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi.
Respublika bosqichida ishtirok etgan 32 nafar raqqosa orasida 1-oʻrinni Toshkent shahridan Useinova Ulkera Gayetovna; 2-oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Djumabayeva Maqpal Maksat qizi hamda Toshkent shahridan Mirzayeva Guli Oybek qizi; 3-oʻrinni Namangan viloyatidan Nosiraliyeva Ruxshona Farrux qizi va Toshkent shahridan Mayra Rajapova qoʻlga kiritdi.
Eslatib oʻtamiz, Madaniyat vazirligi hamda “Bahor” davlat raqs ansambli hamkorligida tashkil etilgan mazkur koʻrik-tanlovning hududiy saralash bosqichlarida ishtirok etgan 217 nafar isteʼdodli raqqosadan 40 nafari respublika bosqichiga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan edi.
Iroda HAMIDOVA,
Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi
“Bahor” davlat raqs ansambli matbuot kotibi