Milliy tadqiqot universiteti mamlakat iqtisodiyoti uchun ilgʻor kadrlar tayyorlashga hissa qoʻshishda davom etadi

    Ta'lim 24 Iyun 2022 5105

    Joriy yil 22-iyun kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot Universiteti bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Milliy tadqiqot universiteti Boshqaruv kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, universitet rektori B.Mirzayev, turli idoralar rahbarlari, muassasa professor-oʻqituvchilari, bitiruvchilar, ularning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan S.Umurzakov mamlakatimiz ishonchi Universitet bitiruvchilariga ulkan masʼuliyat yuklayotganini taʼkidlab, taʼlim muassasasi anʼanalarining uzluksizligini saqlash, shuningdek, hozirgi davr va zamonaviy texnologik taraqqiyot darajasi yosh mutaxassislardan talab qilayotgan tubdan yangi koʻnikmalar va innovatsion yechimlarni oʻzlashtirish va amalda tatbiq etish muhimligini taʼkidladi. Boshqaruv kengashi tomonidan Universitet bitiruvchilariga egallangan koʻnikmalarni muvaffaqiyatli qoʻllash, ijodiy salohiyatni roʻyobga chiqarish hamda kasbiy jihatdan yanada oʻsishda yordam koʻrsatish amaliyoti davom ettirilishi maʼlum qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy ilmiy-tadqiqot universiteti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi № PQ-42-sonli Qaroriga asosan 1923-yildan beri faoliyat koʻrsatib kelgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini transformatsiyalash yoʻli orqali tashkil topdi. Universitet 7ta fakultetdan iborat boʻlib, unda 5 830 nafar talaba tahsil oladi. Bu yil universitetni 908 nafar bakalavr va 242 nafar magistr tamomladi.