Milliy tanlov gʻoliblari taqdirlandi

    Mamlakatimizda 5 Dekabr 2023 1180

    Joriy yil 4-dekabrda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida taʼlim va innovatsiyalar” milliy tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻldi.

    Tanlov Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Bunda Oʻzbekiston respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori talablaridan kelib chiqildi.

    Milliy tanlov joriy yil 1-iyunda eʼlon qilinib, 15-noyabrga qadar davom etdi. Bu jarayonda inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi taʼlim va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish orqali aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari boʻyicha huquqiy madaniyati va savodxonligini yanada oshirish, ushbu sohadagi ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash masalalari alohida eʼtibor markazida boʻldi.

    Tanlovga talabgorlardan 81 ta ariza kelib tushdi. Arizalar quyidagi nominatsiyalar boʻyicha taqdim etildi:

    • “Eng yaxshi rasm (mavzu: “Inson huquqlari bolalar nigohida”)” – 18 ta ariza;
    • “Inson huquqlari va erkinliklariga bagʻishlangan eng yaxshi videorolik” – 10 ta ariza;
    • “Inson huquqlari va erkinliklariga bagʻishlangan eng yaxshi oʻquv adabiyotlari” – 3 ta ariza (bosma va elektron oʻquv adabiyotlari);
    • “Inson huquqlari boʻyicha eng yaxshi maqola (ilmiy va ommabop maqolalar)” – 20 ta ariza;
    • “Inson huquqlari bilimdoni” – 19 ta ariza;
    • “Inson huquqlari boʻyicha eng yaxshi innovatsion gʻoya muallifi” – 8 ta ariza;
    • “Inson huquqlari boʻyicha eng yaxshi oʻquv kursi” – 3 ta ariza.

    Hakamlar hayʼati arizalar va ijodiy ishlarni sinchiklab oʻrganib chiqdi. Natijada 5 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblar aniq boʻldi.

    Qolgan nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanmadi. Chunki tanlov Nizomiga koʻra, agar biror nominatsiya boʻyicha 3 tadan kam ariza kelib tushsa, oʻsha nominatsiyada tanlov oʻtkazilmaydi.

    Shu nuqtai nazardan, “Inson huquqlari va erkinliklariga bagʻishlangan eng yaxshi oʻquv adabiyotlari” hamda “Inson huquqlari boʻyicha eng yaxshi oʻquv kursi” nominatsiyalari boʻyicha yetarlicha ariza kelib tushmadi. Shu munosabat bilan Hakamlar xayʼati tomonidan mazkur ikki nominatsiya boʻyicha gʻoliblarni aniqlash masalasi koʻrib chiqilmadi.

    Tanlov gʻoliblariga diplom va sovgʻalar tantanali ravishda topshirildi.

    Tadbir davomida “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi oʻquv kursida ishtirok etgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan 19 nafar tinglovchiga ham sertifikatlar topshirildi. Ushbu mashgʻulotlar 2023-yil 14-17-noyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan.

    Shuningdek, inson huquqlari sohasida taʼlim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan oʻquv kurslarini oʻtkazishda faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan hamkor tashkilotlarga tashakkurnomalar taqdim etildi.

    Bundan tashqari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining koʻp yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi ikki nafar faxriy xodimiga “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni topshirildi. Ushbu mukofot Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Vasiylik Kengashining qaroriga koʻra taqdim etildi.

    Ushbu tadbirlarning barchasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va 10-dekabr — Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan eʼlon qilingan “Inson huquqlari oʻn kunligi” doirasida oʻtkazildi.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazining matbuot xizmati.