So‘nggi yillarda barcha huquqlarimiz qatori siyosiy huquqlarimizni ham emin-erkin amalga oshirishimiz uchun mustahkam qonuniy kafolatlar yaratildi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, biz Prezident saylovida qatnashish orqali o‘z siyosiy huquqimizdan foydalandik. Shu tariqa, o‘zimiz va farzandlarimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi, yurtimiz taraqqiyoti, tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga hissamizni qo‘shdik.

O‘z navbatida, xorijdagi vatandoshlarimiz ham siyosiy huquqidan foydalangan holda muhim tarixiy jarayonda faol qatnashdi.

Gulbahor JALILOVA, Niderlandiya Qirolligidagi Summa kolleji tinglovchisi, “Vatandoshlar” jamoat fondining xorijdagi volontyori:

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan ilgari va saylov kuni ovoz berish jarayoni Rotterdam shahrida bo‘lib o‘tdi.

Bu jarayonni bevosita kuzatdim. Saylov uchastkasi milliy ruhda bezatildi. Bu yerga kelgan vatandoshlarimizning kayfiyati ham ajoyib edi. Ko‘pchilik milliy kiyimda, farzandlari bilan tashrif buyurdi. Xorijdagi vatandoshlarimiz yurtimiz, farzandlarimiz kelajagiga befarq bo‘lmasdan saylovda qatnashgani meni yanada g‘ururlantirdi. 

Men konstitutsiyaviy huquqimdan foydalanib, xorijda yashayotgan har bir o‘zbek fuqarosining ham buguni va kelajagiga bevosita ta’sirini o‘tkazadigan muhim siyosiy jarayonda ishtirok etganimdan xursandman. 

Prezidentimizning 2021 yili 11 avgustdagi “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash kabi maqsadlar o‘z aksini topdi. Eng muhimi, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish ham qarorning muhim jihatlaridan biri bo‘ldi. Bu qaror xayrli ishlarga yo‘l ochdi. Bizni ona Vatan bilan bog‘ladi. 

Men Eyndhoven shahrida yashayman. O‘zbekistondan uzoqda bo‘lsak-da, istiqboldagi milliy taraqqiyotimiz yo‘nalishlarini belgilab olishdek muhim jarayonga munosib hissamizni qo‘shish har birimizning burchimiz, deb hisoblayman.

Suhbatilla KARIMOV, Portugaliyadagi “Karimov clinic neuro kineziologiya” klinika tarmoqlari asoschisi, shifokor:

– Yevropada nevrologiya bo‘yicha tahsil olganman. Portugaliyada reabilitatsiya sohasida nevrokineziologiya orqali inson tanasidagi og‘riqlarni aniqlash va tez bartaraf etish metodikasi bo‘yicha qariyb 20 yildan buyon faoliyat yuritaman. Bu mamlakatning Lissabon, Leyriya shaharlarida “Karimov clinic neuro kineziologiya” klinika tarmoqlariga asos solganman. 

So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi islohotlar xorijdagi vatandoshlar uchun ham katta imkoniyatlar yaratdi. Vatandoshlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash borasidagi oqilona siyosat natijasida Toshkent shahrida ushbu klinikaning filialini ochdim.

Yangi O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va boshqa turli yo‘nalishlardagi jarayonlarni izchil kuzatib boraman. Ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda xorijdagi vatandoshlarning haq-huquqlari kafolatlangani meni juda quvontirdi. 

Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatidagi saylovchilar bilan o‘tkazgan saylovoldi uchrashuvida vatandosh sifatida ishtirok etib, saylovoldi dasturi bilan tanishib chiqdim. 

Bugungi kunda tibbiyot sohasida yurtimizda tub islohot va o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa yurtimiz kelajagi uchun chinakam yangilanishga sabab bo‘ladi. Shu bois, men Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlab ovoz berdim. O‘ylaymanki, tanlovim men kabi vatandoshlar hayoti va farzandlarimiz kelajagi uchun muhimdir.

“Vatandoshlar” jamoat fondi Axborot xizmati rahbari
Ufora HABIBULLAYEVA yozib oldi.