Asrlar davomida ayolni e'zozlash, unga ehtirom ko'rsatish o'zbek xalqiga xos fazilat bo'lib kelgan. Shu ma'noda yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o'rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularni davlat va jamiyat boshqaruviga keng jalb qilishga alohida e'tibor berilmoqda.
Shu maqsadda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Milliy va ma'naviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning o'rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferentsiyasi o'tkazildi.
Har yili an'anaviy tarzda tashkil etiladigan anjumanni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori, filologiya fanlari doktori Zohidjon Islomov kirish so'zi bilan ochib berdi.
– Ayol-qizlarning e'zozlanishi ayniqsa, hadisi shariflarda yaqqol ko'zga tashlanadi, – deydi filologiya fanlari doktori Zohidjon Islomov. – Yurtimizdan etishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Imom Muslim, Imom Abu Hanifa, Imom Subazmuniy kabi yuzlab buyuk muhaddis allomalarimiz ularga bag'ishlangan hadislarga alohida e'tibor berganlar, ularning sharhlarida mazkur mavzuning keng qamrovli izohli bayonini berganlar.
ZOOM platformasi orqali onlayn formatda o'tkazilgan konferentsiyada “Hadislarda ayollarga hurmatli munosabatning ifodalanishi”, “Alisher Navoiy ijodida ayol obrazi”, “Suxrob Sipexriy ijodida inson va e'tiqod o'rtasidagi muvozanat talqini”, “Ayol atalmish ilm”, “Jamiyat rivojida xotin-qizlarning roli”, “Xotin-qizlar ta'limini qo'llab-quvvatlash”, “Sog'lom avlod tarbiyasida ayollarning o'rni” kabi mavzulardagi ma'ruzalar tinglandi.
– Ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma'naviy barkamolligi ayollarga bo'lgan munosabat bilan belgilangan, – deydi O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi katta o'qituvchisi Yusupdjan Sadikov. – Ayolni e'zozlash, unga ehtirom ko'rsatish o'zbek xalqiga xos va mos xususiyatdir. Bu O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar” deb ta'kidlanishi ham yuqoridagi fikrimizning dalilidir. Bundan tashqari, yurtimizda ayollarga alohida berilayotgan e'tiborni 1999 yil “Ayollar yili”, 2000 yil “Sog'lom avlod yili”, 2001 yil “Onalar va bolalar yili”, 2005 yil “Sihat-salomatlik yili”, 2012 yil “Mustahkam oila yili”, 2013 yil “Obod turmush yili”, 2016 yil esa “Sog'lom ona va bola yili” deb nomlanishidan ko'rishimiz mumkin. Mamlakatimizning siyosiy hayoti, davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlarida madaniyat, ilm-fan, xalq ta'limi, sog'liqni saqlash, sport kabi ijtimoiy sohalarda ayollarimizning tutgan o'rni beqiyosdir.
Akademiya Xotin-qizlar bo'limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti Axborot resurs markazi vakillari, Toshkent davlat yuridik universiteti Axborot resurs markazi xodimi Guliston Sharipova, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi o'qituvchisi Mo''tabar Madaeva, “O'zbek tili va mumtoz sharq filologiyasi kafedrasi” dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Nargiza Shoalieva, Akademiya professor-o'qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.
Konferentsiyada so'zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog'lig'ini saqlash, kasbga o'qitish va bandligini ta'minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, gender tenglikni ta'minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni e'tirof etishdi.
Qizg'in muhokamalar, savol-javoblar tarzida o'tgan anjuman ishtirokchilarda katta taaasurot qoldirdi. Yakunda konferentsiya materiallari bo'yicha to'plam nashr etish rejalashtirildi.
Eldor Qobiljonov