Milliy va xalqaro ekspertlar Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar jarayonini muhokama qildi

    Xalqaro hamkorlik 18 Avgust 2022 1713

    Advokatlik institutini mustahkamlanishi sud-huquq tizimida qonun ustuvorligini taʼminlashga qanchalik xizmat qiladi? Oʻlim jazosini taqiqlash qanchalik muhim? Shaxsning sudlanganligi uning yaqin qarindoshlari taqdiriga taʼsir oʻtkazishi adolatdanmi?

    Joriy yil 16-avgustda “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan oʻtkazilgan onlayn konferensiyada milliy va xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilishi taklif etilgan oʻzgarishlar va bunda aynan qaysi jihatlar inobatga olinishi muhimligi borasida fikr almashdi.

    Tadbirda masʼul vazirlik va idoralar vakillari, tahlil markazlaridan tashqari AQSH, Sloveniya, Shvetsiya kabi davlatlardan xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

    Mamlakatimizda davom etayotgan konstitutsiyaviy islohotlarda bundan buyon davlat siyosatining diqqat markazida inson, uning huquq va manfaatlari, shaʼni va qadr-qimmati boʻlishi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, Konstitutsiyani davlatchilik taraqqiyotining bugungi tendensiyalari va dunyodagi siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda uygʻunlashtirish zarurati paydo boʻlgan. Konstitutsiyaviy islohotning xususiyatlari toʻgʻrisidagi masalani nafaqat vatandoshlarimiz, balki xalqaro miqyosda ham yuqori malakali ekspertlar va xalqaro hamjamiyat ishtirokida muhokama qilish muhim sanaladi.

    — Bugun xalqaro hamjamiyat Oʻzbekiston boshlagan islohotlarini kelgusida qay tarzda davom ettirishiga qiziqmoqda, — deydi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. — Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi ularni qiziqtirgan savollariga javob boʻla oladi va Oʻzbekiston yana ildam qadam tashlab, islohotlardan toʻxtamasligini koʻrsatadi. Xorijiy ekspertlar bilan uchrashuvimizdan maqsad-muddao ham shu, ularga mamlakatimiz ortga qaytmas yoʻlni tanlaganini bildirish. Shuningdek, ekspertlar inson huquqlarini taʼminlash, advokatura, sud tizimini isloh qilish masalalarining koʻpi Qonun loyihasida aks etganini eʼtirof etyapti, qoʻshimcha takliflarni ham bildiryapti.

    Konferensiyada ishtirok etgan AQSHning Berkli yuridik instituti direktori Jeremi Fogel mamlakat konstitutsiyasining koʻplab fuqarolik huquqiga ega boshqa davlatlar konstitutsiyasidan farqli va oʻziga xos jihatlari haqida gapirdi.

    — Oʻzbekiston Konstitutsiyasida 100 dan ortiq, AQSH Konstitutsiyasida esa 7 ta modda bor. Biz unga hukumat, ijro etuvchi qonunchilik va sud hokimiyatlarining vazifalari aks etgan ish rejasi sifatida qaraymiz. Barcha davlatlar Bosh Qonunida fuqarolik jamiyatining huquq va majburiyatlari belgilanmagan. Mamlakatingizda yangidan qabul qilinishi kutilayotgan konstitutsiyaviy Qonun loyihasida bu jihatlar aks etyapti. Birinchi qadam qoʻyildi, maqsadlar belgilandi, endi Konstitutsiyaning ijrosini toʻliq taʼminlash nihoyatda muhim, — deydi jumladan Fogel.

    AQSHlik yana bir ekspert – sobiq Federal prokuror, “Holland and Knight LLP” advokatlik firmasi hamkori Deniel Smoll Konstitutsiyaning yangi tahririda advokatlar maqomini belgilash, sud jarayonlarida raqobat va tomonlarning tengligi tamoyilini taʼminlash, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini kafolatlash muhimligini qayd etdi.

    “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti direktori Myusha Sever konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida mustaqil advokatlik instituti yaratilishiga ham eʼtibor qaratilishiga chaqirdi:

    — Qiynoqlarni bekor qilish, sudlanuvchilarga nisbatan gʻayriinsoniy munosabatda boʻlish, shaxsiy hayotga faqat sud qarori asosida aralashish va gumon qilinuvchini aybi isbotlanmaguncha ozodlikda qoldirish insonning asosiy huquqlari hisoblanadi. Yangi Konstitutsiyada bu tamoyillar aks etishidan umid qilamiz. Mustaqil advokatlik institutini yaratish borasida ham oʻzgarishlar boʻlishini kutamiz. Mustaqil advokatlarsiz sud jarayonining raqobatbardoshligi va adolatliligi haqida gapirib boʻlmaydi. Bu mamlakatga investorlarni jalb etishda ahamiyatga ega. Yosh avlod Oʻzbekiston yangi qiyofa kasb etganini oʻzida his qilishi, Asosiy Qonuni hayotining har bir kunida qoʻllaniladigan muhitda voyaga yetishi zarur.

    Oʻzbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov Konstitutsiyada belgilangan huquqlardan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratilishi kerakligi haqida gapirdi:

    — Davlat rahbari “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat”, degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilab bergan, bunda teng huquqlilik, teng imkoniyat hamda inklyuziv rivojlanish taʼminlanishi taʼkidlanadi. Amalda bu Qonunga asoslanadi. Hozir Konstitutsiyamizda fuqarolik jamiyatining aniq tushunchasi yoʻq, huquqlar haqida gapiriladi, lekin teng imkoniyatlar haqida gapirilmaydi. Yaʼni belgilangan huquqlardan foydalanishda teng imkoniyatlarga ega emasmiz.

    Konferensiya ishtirokchilari koʻplab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi” Asosiy qonunda aks etishini yoqlashdi. Konstitutsiyani talqin qilish ishlarida erkinlik mexanizmlarini belgilab berish, ommaviy axborot vositalarining huquqlarini alohida kafolatlash zarurligini qayd etdi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.

    Xulosa:

    Xorijiy ekspertlar Oʻzbekistondagi transformatsiya jarayonlarini, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmunini ham qoʻllab-quvvatlayapti. Konstitutsiya shunchaki hujjat boʻlib qolishi kerak emas, balki u ishlashi kerak. Buning uchun barcha tuzilmalar harakat qilishi, fuqarolik jamiyati institutlari ham faol boʻlishi talab etiladi.