Ma'lumotlarga ko'ra, joriy yil 15 may kuni Paxtakor tumani hududida joylashgan «Jizzaxagrokimyohimoya» HAJ mas'ul xodimlari tuman IIB ga murojaat qilib,  joriy yilning 6 may kunidan 14 may kuniga qadar noma'lum shaxslar omborning orqa tomon devorini buzib kirib, omborda saqlanayotgan  ammafos  mineral o'g'itining bir qismini o'g'irlab ketganini ma'lum qilgan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida  noma'lum shaxslar tomonidan umumiy bahosi 55 mln 400 ming so'mlik jami 9 tonna 900 kg. Ammafos mineral o'g'iti yashirin ravishda talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Paxtakor tumani IIB huzuridagi Tergov bo'linmasi tomonidan noma'lum shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «G» bandi (o'g'irlik) bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida Paxtakor tumanida yashovchi 9 nafar fuqaro oldindan jinoiy til biriktirib ushbu jinoyatni sodir etgani ma'lum bo'ldi. Ular  tunda  «Jizzaxagrokimyohimoya» HAJga  beton devorning tuynugi orqali kirib, omborxona binosining orqa tomonidagi g'ishtdan terilgan devorini teshgan va u erda saqlanayotgan qo'shma korxona hisobida bo'lgan umumiy bahosi 55 mln 400 ming so'mlik 9.900 kg  ammafos mineral o'g'itini bo'lib-bo'lib  «NEXIA-2» va «COBALT» rusumli avtomashinalarga yuklab olib ketgan.

Uni  Jizzax viloyatining G'allaorol va Samarqand viloyatining Bulung'ur tumanlaridagi dehqon xo'jaliklariga sotish bilan shug'ullanib kelganliklari aniqlandi. Ushbu avtomashinalardan qoplangan holatdagi  ammafos  mineral o'g'itlari,  mineral o'g'itlarning qoplari ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.