Aholiga yanada qulay bo'lishi hamda imkoniyati cheklangan shaxslarga ko'maklashish maqsadida Namangan viloyatida ham “Sayyor” davlat xizmatlari ko'rsatish yo'lga qo'yilgan

Xususan, 2020-yil 9 oyi davomida viloyat bo'yicha 428 423 ta davlat xizmatlari ko'rsatilgan bo'lsa, 2021-yil shu kun holatiga 558 586 tani (130%) tashkil etib, o'tgan yilga nisbatan 130 163 taga (30 %) ortdi. Xususan, Mingbuloq tumanida istiqomat qiluvchi 128,4 mingdan ortiq aholiga xizmatlar ko'rsatishda ushbu Markazning o'rni beqiyosdir.

Bugungi kunda tuman Markaziga bir kunda o'rtacha 250 tadan ortiq aholi va tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan murojaatlar qilinib, ularning murojaatlari belgilangan tartibda ko'rib chiqilib, ularga qulay, sifatli va shaffof tarzda davlat xizmatlari ko'rsatib kelinmoqda.

— Davlat xizmatlari markazlari xalq tomon tashlangan ilk dadil qadam bo'ldi, — dedi Namangan viloyati hokimi SHavkatjon Abdurazzoqov markaz binosining ochilish marosimidagi nutqida. — U birinchilardan bo'lib,  byurokratiya va qog'ozbozlikka jiddiy zarba berdi.  Bunday dargohlar har bir tumanda ochilayotgani biz uchun ham katta engillik berganini ta'kidlash joiz.

Ushbu markaz binosiga odatdagidan farqli ravishda, FHDY bo'limlari joylashtirilib, xalqqa sifatli xizmat ko'rsatishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.