Minglab oilalarning turmush sharoiti yaxshilanmoqda

    Mamlakatimizda 21 Noyabr 2024 100

    Prezident maslahatchisi Gʻofurjon Mirzayev boshchiligidagi Respublika ishchi guruh Toshkent viloyatining Bekobod shahri, Bekobod, Boʻka, Oqqoʻrgʻon, Quyichirchiq hamda Yuqorichirchiq tumanlaridagi 246 ta mahallada xonadonbay ishlarni amalga oshirmoqda.

    Xususan, Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar hamda oʻrganishlar natijasi asosida oʻtgan bir oydan ziyod davr mobaynida mazkur tumanlardagi 348 ta sharoiti ogʻir boʻlgan oilaga moddiy yordamlar koʻrsatildi, 249 ta oilaning uy-joylari taʼmirlandi, 100 ga yaqin oilaga turli asbob-uskunalar xaridi uchun cubsidiya ajratildi, 13 migga yaqin ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlandi, 400 ga yaqin fuqaroga tadbirkorlikni boshlash yoki kengaytirish uchun 5 mlrd 738 mln soʻm imtiyozli kredit ajratilishi taʼminlandi.

    Misol uchun, Boʻka tumani Guliston koʻchasida yashovchi Aktam Joʻrayev ishsiz edi. Oilani kambagʻallikdan chiqarish maqsadida oʻz tomorqasida issiqxona tashkil qilishi uchun Respublika ishchi guruhi tomonidan moddiy koʻmak koʻrsatildi. Ayni paytda u oila aʼzolari bilan toʻqsonbosti ekinlar ekmoqda.

    Yuqorichirchiq tumani “Usmonobod” mahallasida yashovchi Behzod Jamoliddinovga roʻzgʻorini oʻnglab olishi uchun 30 sotix yer ajratildi hamda xonadonida 3 sotix issiqxona tashkil etishi uchun 10 mln soʻm imtiyozli kredit ajratildi, issiqxona ustiga homiylik hisobdan polietilen qoplama ham olib berildi.

    Tumaning “Chumchuqjar” mahallasida yashovchi Nargiza Umarqulovaning turmush oʻrtogʻi kutilmaganda vafot etishi ayolni uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan ogʻir sinovlar girdobida qoldirdi. Bevosita Respublika ishchi guruhiing moddiy koʻmagi bilan qahramonimiz qiyinchiliklarni yengib, roʻzgʻorini yaxshilab oladi. Unga tikuv mashinalari hamda kerakli matolar olib berildi. Shu tariqa ayol oʻzidan tashqari ishsiz qoʻshni ayollarni ham band qilishni maqsad qilib xonadonida kichik tikuv sexi tashkil etishga kirishdi. Unga homiylar tomonidan qoʻshimcha bino qurib berilmoqda.

    Xuddi shunday “Bahor” mahallasida yashovchi koʻmakka muhtoj oila vakillaridan Fotima va Ziyoda Joʻrayevalar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Ziyodaga kredit, subsidiya va homiyliklik asosida 3 ta tikuv mashinasi olib berildi. Roʻzgʻoriga baraka kirayotgan ayol oʻzidan tashqari qoʻshni ayollarni ham ishli qildi. Shuningdek, Fotima Joʻrayevaning xonadoni ham homiylar tomonidan taʼmirlab berilmoqda.

    Boʻka tumandagi Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlashga moʻljallangan agroklaster ham bir necha yillardan beri hududda kambagʻallikni qisqartirish, ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. Xususan, klasterda 80 dan ortiq doimiy, 150 dan ortiq mavsumiy ish oʻrni mavjud. Davlatimiz rahbarining topshirigʻa koʻra, har bir kambagʻal va ishsiz oilaga 1 gektardan yer ajratilgan boʻlib, ularga ekin ekish va mahsulotini sotishda maʼlum fermer xoʻjaliklari va agroklasterlar koʻmaklashmoqda. Shu jihatdan, Agroklaster ham 35 dan ortiq xonadonga bepul koʻchatlar yetkazib berdi va ular tomonidan yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini harid qilib, moddiy jihatdan koʻmaklashib kelmoqda.

    Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlariga yaratib berilayotgan sharoitlar sabab bugun yangidan-yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari rivojlanmoqda. Natijada, oʻsha hudud ishsiz fuqarolari bandligi taʼminlanyapti. Xususan, Boʻka tumani “Boʻston” mahallasida tashkil etilgan tikuv-trikotaj korxonasida ham mahalladagi 60 dan ortiq kambagʻal oila xotin-qizlarining bandligini taʼminladi.

    Shuningdek, Yuqorichirchiq tumani “Darhon” mahallasida duradgorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan Ayman Amriyevga zamonaviy dastgohlar xarid qilish va ishini kengaytirishda Respublika ishchi guruhi kredit olishiga koʻmaklashdi hamda “Hunamand” uyushmasiga aʼzo qilindi. Endi u daromad soligʻidan ozod qilindi. Qahramonimiz bunday imkoniyatlardan foydalanib, qoʻshimcha ish oʻrinlarini tashkil etishni maqsad qilgan.

    Respublika ishchi guruhining joylardagi faoliyati davom etmoqda.