Shu maʼnoda bugungi kunda mamlakatimizda aholi orasida sportni yana-da ommalashtirishga qaratilgan davlat siyosati izchil tarzda hayotga joriy etilmoqda.
Xususan, respublikamizning qishloq va mahallalarida istiqomat qilayotgan yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, ularga oʻz iqtidorlarini namoyon etishlari uchun imkoniyat yaratish maqsadida joriy yilning aprel oyidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan yurtimizning har bir goʻshasida mini-futbol boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi.
Musobaqaning dastlabki bosqichlarida 18-30 yosh oraligʻidagi mahalla yoshlaridan tarkib topgan 7779 ta jamoa ishtirok etdi. Tuman, shahar hamda viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan eng sara 14 ta jamoa 12-15-iyun kunlari poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida DXX Raisi kubogi uchun oʻzaro kuch sinashdi.
Turnirning final bosqichida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani “Samarqand” MFY jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Sirdaryo viloyati Guliston shahri “Taraqqiyot” MFY jamoasi ikkinchi, Jizzax viloyati Zomin tumani “Gʻafur Gʻulom” MFY jamoasi esa uchinchi oʻrinni egalladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus tumani “Oq Mangʻit” MFY jamoasi esa yarim finalga qadar muvaffaqiyatli oʻyin namoyish etib, kuchli toʻrtlikni yakunlab berdi.
Endilikda birinchi oʻrinni egallagan jamoaga ular istiqomat qiladigan mahallada mini-futbol maydonchaci, ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalarga esa ular yashaydigan mahallada “Street Workout” maydonchalari qurib beriladi.
Shuningdek, musobaqalar yakuniga koʻra “Eng yaxshi oʻyinchi” nominatsiyasida Fargʻona viloyati jamoasi aʼzosi Fazliddin Sodiqov, “Eng yaxshi toʻpurar” yoʻnalishida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilgan Farrux Bektemirov, “Eng yaxshi darvozabon” deb Buxoro viloyati jamoasi vakili Siroj Salimov hamda “Eng yaxshi murabbiy” nominatsiyasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi jamoasi ustozi Serik Jalgasov munosib koʻrildi.
Bundan tashqari, DXX Raisi kubogining respublika bosqichida ishtirok etgan 14 ta jamoaning har bir aʼzosiga sport velosipedlari, ularning murabbiylariga esa qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Taqdirlash marosimi estradamizning taniqli xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Mini-futbol boʻyicha DXX Raisi kubogining gʻolib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimiga bagʻishlangan maxsus koʻrsatuv hamda konsert dasturi joriy yilning 20-iyun kuni soat 20:30 da “ZOʻR” TV telekanalida namoyish etiladi.
Taʼkidlash lozimki, “millionlar oʻyini” nomini olgan ushbu sport turini mamlakatimizda rivojlantirish ishlariga hissa qoʻshish, joylarda yangi-yangi iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni futbolga faol jalb etish maqsadida DXX Raisi kubogi musobaqalari kelgusi yili nafaqat mini-futbol, balki, katta futbol boʻyicha ham oʻtkaziladi.