Ilhom Norqulov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari:

«Minimal isteʼmol xarajatlari qiymatini hisoblashda:

davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy koʻmaklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash uchun moʻljal koʻrsatkichni joriy etish;

minimal isteʼmol xarajatlaridan kambagʻallik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real isteʼmol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;

kambagʻalikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzililigini oshirish, shuningdek ularning doimiy monitoringini yuritish.

Ushbu maqsadlardan kelib chiqib, minimal isteʼmol xarajatlarini hisoblash uchun tajriba sifatida Jahon banki koʻmagida 2020-yilda respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 5 400 ta uy xoʻjaliklarida soʻrovnoma oʻtkazildi.

Bunda soʻrovnomada ishtirok etgan uy xoʻjaliklari xarajatlari miqdori boʻyicha oʻnta guruhga ajratilib, ushbu oilalar orasidan eng kam xarajat (daromad)ga ega boʻlgan 30 foiz uy xoʻjaliklari ajratib olindi.

Soʻrovnoma natijasida olingan maʼlumotlar asosida mazkur oilalarda jon boshiga kunlik isteʼmol qilinadigan oziq-ovqat (2200 kkal) va zarur boʻlgan nooziq-ovqat tovarlar hamda xizmatlar uchun minimal isteʼmol xarajatlar bir oyda kishi boshiga (joriy yildagi narxlar oʻzgarishini inobatga olgan holda) kamida 440 ming soʻmni tashkil etishi hisob-kitob qilindi.

Hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlarining jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulotga nisbati (YAIM) 26,8 foiz boʻlib, mazkur koʻrsatkich rivojlanayotgan mamlakatlarda asosan 4-20 foizni tashkil etadi».