Minsk shahrida Oʻzbekiston va Belarus MSK Raislari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Saylov 23 Fevral 2024 1696

    Belarus Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi MSK Raisi Z. Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya Belarus Respublikasining yagona ovoz berish kunida deputatlarga oʻtkaziladigan saylov jarayonlari kuzatuvida ishtirok etyapti.

    Shuningdek, MSK vakillari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari xalqaro kuzatuvchi sifatida MDH Ijroiya Qoʻmitasi va Parlamentlararo Assambleyasi hamda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining saylovlarni kuzatish missiyalari tarkibida ishtirok etyapti.

    Oʻzbekiston MSK delegatsiyasining tashrif dasturi doirasida joriy yil 23-fevralda MSK Raisi Z. Nizamxodjayevning Belarus MSK Raisi I. Karpenko bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    I. Karpenko Oʻzbekiston MSK delegatsiyasi aʼzolarini 2024-yil 25-fevralda boʻlib oʻtadigan yagona ovoz berish kunidagi saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni bilan bogʻliq asosiy tadbirlar bilan tanishtirib oʻtdi.

    Belarusda yagona ovoz berish kunida 8-chaqiriq Belarus Respublikasi Milliy majlisi Vakillar palatasining 110 nafar deputati va 12 514 nafar 29-chaqiriq mahalliy Kengash deputatlari saylanadi. Mamlakatda 5 411 ta ovoz berish uchastkalari shakllantirilgan. Deputatlarga oʻtkaziladigan saylovlar toʻgʻridan toʻgʻri boʻlib, deputatlar fuqarolar tomonidan bevosita saylanadilar. Vakillar palatasi deputati va mahalliy Kengash deputatining vakolat muddati – 5-yil.

    Yagona ovoz berish kunida deputatlar saylovini tashkil etish uchun mamlakat boʻylab jami 9 459 nafar aʼzodan iborat 1 394 ta hududiy va okrug komissiyalari shakllantirilgan.

    Uchrashuv qatnashchilariga saylov kampaniyasining ochiqligi va shaffofligi taʼminlash boʻyicha koʻrilgan choralar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Yagona ovoz berish kunida saylov jarayonlarini yoritish maqsadida 24-fevralda MSKning Axborot matbuot markazi ishga tushiriladi.

    I. Karpenko taʼkidlaganidek, saylovlardagi xalqaro kuzatuv Belarus MSK tomonidan saylov sohasidagi ekspert va professionallarning oʻzaro muloqot qilish shakli deb biladi. Hududiy va okrug komissiyalari tomonidan 45,5 ming nafar milliy kuzatuvchilar, Belarus MSK tomonidan esa 294 nafar xalqaro kuzatuvchilar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.

    Oʻzbekiston MSK Raisi Z. Nizamxodjayev Belarus MSK Raisi I. Karpenkoga saylovlarni monitoring qilishda ishtirok etishga taklif qilgani uchun oʻz minnatdorligini bildirdi va saylovlarni muvaffaqiyatli oʻtishiga ishonch bildirdi.

    Z. Nizamxodjayev saylovga tayyorgarlik koʻrish jarayonlari yuqori darajada boʻlganligi oʻz navbatida katta qoniqish uygʻotganligini taʼkidladi. U MSK faoliyati ochiqligini va xalqaro kuzatuvchilar ishida hamkorlik koʻrsatayotganini ijobiy baholadi.

    Delegatsiya aʼzolari Minsk shahridagi qator saylov uchastkalariga tashrif buyurdi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.