MDH Ijroiya qoʻmitasi matbuot xizmati xabariga koʻra, delegatsiyalar rahbarlari tor doiradagi uchrashuvda Hamdoʻstlik doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashishi, navbatdagi uchrashuv sanasi va joyini belgilab olishi kutilmoqda.
Yigʻilishda delegatsiyalar yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi chora-tadbirlar koʻrish, MDH mamlakatlari hududlarini sanitariya muhofazasi va Hamdoʻstlik aholisini ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish sohalaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladi.
Shuningdek, soxta savdo belgilari va geografik koʻrsatkichlardan foydalanishning oldini olish, geodeziya, kartografiya, kadastr va yerni masofadan zondlash sohasidagi hamkorlikni tartibga soluvchi va boshqa hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.
Majlisda MDHga aʼzo davlatlarda davlat moddiy rezervlarini boshqaradigan davlat (ijro etuvchi) organlarining 2030-yilgacha boʻlgan davrdagi hamkorligi konsepsiyasi va uni amalga oshirishning asosiy chora-tadbirlari rejasi tasdiqlanishi kutiladi.
Bundan tashqari, Qurolli kuchlar ofitserlarini tezkor-strategik tayyorlash sohasida asosiy tashkilot toʻgʻrisidagi hamda turli lavozimlarga kadrlarni tayinlashga oid qarorlar imzolanishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.