Minskda o‘zbek xalqining II jahon urushiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ochildi

    Belorusiya II - jahon urushi tarixi muzeyida o‘zbek xalqining fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan “Xalq xotirasi — muqaddas” fotoko‘rgazmasi ochildi.

    Ekspozisiya O‘zbekiston va Belorus o‘rtasida diplomatik aloqalarning o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan, O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi, O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi va Belarusiya II jahon urushi tarixi muzeyi hamkorligida tashkil etildi.

    Ko‘rgazmaning ochilish marosimida ijodkor-ziyolilar vakillari, Belarusda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Viktor Guminskiy boshchiligidagi delegasiya ishtirok etdi.

    Ekspozisiyadan O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi hamkorlari – O‘zbekiston Respublikasi “O‘zarxiv” agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Kinofotofono hujjatlar markaziy davlat arxivi tomonidan taqdim etilgan arxiv fotosuratlar o‘rin oldi. Fotosuratlar o‘zbek jangchilari va front orti mehnatkashlarining g‘alabaga qo‘shgan hissasi haqida hikoya qiladi.

    O‘zbekistonning Belarusdagi Muvaqqat ishlar vakili Rahmatulla Nazarov ko‘rgazmani ochib berar ekan, O‘zbekiston urushning og‘ir yillarida front ehtiyojlarini ta’minlovchi ishonchli kuchga aylanganini, o‘zbek xalqining fidokorona mehnati ortidan 300ga yaqin korxonalarda front ehtiyoji uchun harbiy mahsulotlar ishlab chiqarganligini ta’kidladi.

    O‘zbekistonda SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov yig‘ilganlarga o‘zbek jangchilari Moskvadan Berlingacha bo‘lgan mardonavor yo‘lni bosib o‘tganini eslatib, fashizm ustidan g‘alaba qozonishga hissa qo‘shgan o‘zbeklar xotirasini abadiylashtirish muhimligini ta’kidladi.

    MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Viktor Guminskiy o‘z nutqida II jahon urushining dahshatli fojiasini yoddan chiqarmaslik zarurligini alohida qayd etdi.

    O‘zbekiston tomonining qarori bilan ko‘rgazma eksponatlari Belorusiya II jahon urushi muzeyiga topshirildi. Tez orada ekspozisiyaning namoyishi Belarus viloyatlari markazlarida tashkil etiladi.

    2023 - yilning yanvar oyida Minsk shahrida O‘zbekistonning II jahon urushiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan noyob arxiv fotosuratlari ekspozisiyasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

    O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi

    markazi matbuot xizmati