Minskda xalqaro avtomobil transporti boʻyicha Oʻzbekiston-Belarus qoʻshma komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Transport 9 Avgust 2022 1074

    Oʻzbekiston Transport vazirligi delegatsiyasining Belarusga amaliy tashrifi doirasida ushbu mamlakat Transport vazirligida Xalqaro avtomobil transporti boʻyicha ikki tomonlama qoʻshma komissiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasida 2021-yili hamda joriy yilning olti oyi mobaynida avtomobilda xalqaro yuk tashishning holati tahlil etildi, 2023-yil uchun ikki tomonlama, uchinchi davlatlarga yuk tashish hamda tranzit orqali oʻtish uchun ruxsatnomalar almashuvi hajmi, shuningdek, milliy yuk tashuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida muqobil transport yoʻlaklarini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.

    Tomonlar istiqbolda avtomobilda xalqaro yuk tashishni amalga oshirishda litsenziyalash tizimini bekor qilish boʻyicha ish olib borishga kelishib oldilar.

    Muzokaralar davomida avtomobilda xalqaro yuk tashish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, oʻzbek milliy tashuvchilarining malakasini oshirish, ularni ilgʻor tajriba asosida qayta tayyorlash kurslariga jalb etish yuzasidan ham fikr almashildi.

    Yigʻilish yakunida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlash maqsadida vakolatli vakillar tegishli Bayonnomani imzoladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.