Mintaqaviy davra suhbati: fuqarosizlikka barham berish istiqbollari

    Dolzarb 27 Mart 2021 717

    Markaziy Osiyoda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish va unga barham berish sohasidagi xalqaro standartlarni tahlil etishga bagʻishlangan mintaqaviy davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Qochoqlar masalalari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

    Davra suhbatida Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlar 2024-yilgacha boʻlgan muddatda fuqarosizlikka barham berish boʻyicha “#Ibelong” global kampaniyasini amalga oshirish tarafdori ekani taʼkidlandi. Onlayn-muhokamalarda, shuningdek Fuqarosizlik masalalari boʻyicha Yuqori darajadagi segmentning faoliyati samaralari tahlil qilinib, mintaqada bu borada erishilgan ilgʻor natijalarga baho berildi.

    Mintaqaviy davra suhbatining ochilishida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va BMT Qochoqlar masalalari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi vakili Xans Fridrix Shodder ishtirokchilarni qutladilar.

    Fuqarosizlik – dunyo miqyosida kamida 4 million insonning taqdiriga daxl qilib turgan jiddiy muammodir. Fuqarosizlik kelib chiqishining omillari turlicha boʻlib, qonunchilikdagi boʻshliqlar va huquqni qoʻllash amaliyotidagi nomukammalliklar, shuningdek migratsiya bilan bogʻliq holatlar bunga sabab boʻlishi mumkin.

    Oqibatda insonlar davlat ishlarida ishtirok etishdan chetda qoladi, oʻz kelajagini mustaqil ravishda oʻzi belgilash imkoniyatidan mahrum boʻladi. Fuqarosizlik insonning eng asosiy huquqlari va turli xizmatlardan foydalanishini ham qiyinlashtiradi hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishiga yoʻl qoʻymaydi. Fuqarolik huquqi berilishining rad etilishi esa aziyat chekish, tushkunlikka tushish va yakkalanib qolishga olib keladi.

    BMTning Qochoqlar masalalari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi 2014-yildan boshlab Fuqarosizlikka 10 yil ichida barham berish boʻyicha global kampaniya, yaʼni “#IBelong” global kampaniyasini amalga oshirishga kirishgan. Mazkur kampaniya global koʻlamdagi harakatlar rejasidan iborat boʻlib, fuqarosizlik holatlariga barham berish va shunday vaziyatlar yana yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan 10 ta qadamdan iborat dasturni qamragan.

    2019-yili Fuqarosizlik masalalari boʻyicha oʻtkazilgan Yuqori darajadagi segmentning majlisida “#Ibelong” global kampaniyasini amalga oshirish samaradorligining besh yillik sarhisobi muhokama qilingan.

    Joriy yilda Fuqarosizlikni kamaytirish toʻgʻrisidagi konvensiya qabul qilinganiga 60 yil toʻladi.

    Barcha insonlar fuqarolik maqomiga ega boʻlishini taʼminlash jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlaydi va oʻzaro integratsiyalashishni kuchaytirish imkonini beradi. Fuqarosizlik holati eʼtibordan chetda qoladigan boʻlsa, jamoalararo nizolarning kuchayishiga yoki majburiy koʻchishlarga olib kelishi ham mumkin.

    Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida 116 ming 629 nafardan ortiq kishi fuqarolikka ega boʻlmagan shaxslar hisoblanadi. Oʻzbekistonda fuqarosizlik holatlarini kamaytirish borasida amalga oshirilgan saʼy-harakatlar tufayli 1991-yildan 2016-yil dekabrgacha 482 kishi mamlakatimiz fuqaroligini olgan boʻlsa, 2016-yil dekabrdan 2020-yilgacha boʻlgan muddatda bunday shaxslar 15 ming nafarni tashkil etdi.

    Oʻtgan yili, shuningdek BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi boʻlmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirigʻiga javoban 1995-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekistonda yashab kelgan 50 ming nafar fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olindi.

    Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi 46-sessiyasida soʻzlagan nutqida “bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega boʻladi”, — deb qayd etgan. Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 15 yildan buyon doimiy yashab kelayotgan, ammo fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston fuqaroligini berish boʻyicha yangi tartib-qoida amalga oshirilyapti.

    Oʻzbekiston BMTning Qochoqlar masalalari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan 2024-yilgacha boʻlgan muddatda fuqarosizlikka barham berish boʻyicha “#Ibelong” global kampaniyasini ham qoʻllab-quvvatlaydi.

    Mazkur global kampaniyaning nomlanishi “Men mansubman” (“#Ibelong”) degan maʼnoni anglatadi. Yaʼni, ushbu xalqaro jarayon fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning muayyan mamlakatga mansub boʻlishiga erishishini taqozo etadi.

    Keyingi yillarda Markaziy Osiyo mintaqasida 78 ming 661 nafardan ziyod shaxsning fuqaroviy mansubligi tasdiqlangan.

    BMTning Qochoqlar masalalari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi bilan hamkorlik munosabatlari fuqarosizlikka uzil-kesil barham berishda hal qiluvchi oʻrin tutadi.

    Fuqarosizlik – inson huquqlariga, gumanitar soha va rivojlanish istiqbollariga bevosita daxldor muammodir. Shunday ekan, ushbu muammoni yechishda barcha manfaatdor tomonlarning faol ishtirok etishi talab qilinadi. Bu ishda universitetlar, maktablar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik koʻrsatishlari zarur.

    X.F.Shodder siyosiy xohish-iroda va hamkorlik negizida fuqarolikka chek qoʻyish mumkinligi borasida Markaziy Osiyo namuna boʻlib kelayotganini eʼtirof etdi. U Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston mamlakatlari hukumatlari va aholisining ushbu muammoni hal etish ishiga qoʻshgan ulkan hissasini yuqori baholadi.

    Mintaqaning besh davlati ham fuqarosizlikni kamaytirish va BMTning fuqarosizlik toʻgʻrisidagi ikkita Konvensiyasi asosiy qoidalarini bajarish borasida katta natijalarga erishdi. Oldimizda “#Ibelong” global kampaniyasini amalga oshirishning atigi toʻrt yili qolmoqda. Shunday ekan, yaqin orada mintaqadagi barcha mamlakatlar BMTning fuqarosizlik toʻgʻrisidagi ikkita Konvensiyasiga qoʻshilishini har tomonlama ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz, dedi janob Shodder.

    Davra suhbati uchta shoʻbada oʻz ishini davom ettirdi. BMTning Qochoqlar masalalari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari, mintaqa mamlakatlarining davlat organlari vakillari va fuqarolik jamiyati institutlari faollari fuqarosizlikka barham berish borasidagi xalqaro standartlar, ilgʻor amaliyot va global chora-tadbirlar bilan tanishdilar. Markaziy Osiyo mamlakatlarining aholini roʻyxatga olish vositasida fuqarosizlikni kamaytirish va bunday holatlarni aniqlash borasidagi tajribasi alohida diqqat markazida boʻldi.

    Inson huquqlari boʻyicha

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Milliy markazining

    matbuot xizmati