Ushbu davra suhbati Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturining (BMTTD) mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamda BMTning Inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hayotiy ahamiyatga ega boʻlib, keyingi besh yilda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganini taʼkidladi. Binobarin, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar, ularga oid indikatorlar tasdiqlangan.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan. Tegishli “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. Shu asosda oʻtgan davrda deyarli barcha muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni keyingi 5-10 yilda rivojlantirish istiqbollarini belgilovchi strategiya va konsepsiyalar qabul qilinib, izchillik bilan amalga oshirilayotganligini taʼkidlab oʻtishdi.

Inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan inson huquq va erkinliklari sohasidagi 80 dan ortiq xalqaro hujjatning normalari milliy qonunchilikda oʻz aksini topgan.

Insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash Oʻzbekistondagi islohotlarda eng muhim oʻrinda turadi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining koʻpchiligi 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishiga xizmat qiladi.

Mintaqaviy maslahatlashuvdan koʻzlangan maqsad inson huquqlari boʻyicha xalqaro va mintaqaviy mexanizmlar tavsiyalarini bajarish yuzasidan qilinayotgan ishlarni 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish tadbirlari bilan qoʻshib olib borish boʻyicha tajriba almashishdir. Qolaversa, mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi gʻoya, tajriba va takliflar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.

Inson huquqlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati