«Miraki» – «Turizm mahallasi»ga aylandi

    Turizm 30 Aprel 2024 1036

    Shahrisabzda oʻtkazilgan xalqaro tadbir doirasida IHT kotibiyati va tashkilotga aʼzo davlatlar rasmiylari hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida hududning oʻziga xos turizm maskanlari bilan tanishtirish maqsadida info-tur tashkil etildi.

    Info-tur davomida oxirgi yillarda goʻzal tabiati bilan sayyohlarni oʻziga koʻproq jalb etayotgan Shahrisabz tumandagi yangi turizm obyektlari bilan yaqindan tanishtirildi.

    Tumandagi «Miraki» mahallasida oʻtkazilgan turizm taqdimotida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husrav Noziri ham ishtirok etdi. Unda mahallaning turizm imkoniyatlari koʻrib chiqildi va belgilangan talablarga muvofiq, «Miraki»ga «Turizm mahallasi» maqomi berildi.

    «Shahrisabz – nafaqat qadimiy shahar ekanligi bilan, balki oʻziga xos goʻzal tabiati bilan ham sayyohlar eʼtiborini oʻziga tortib kelyapti. «Miraki» mahallasi oʻzining geografik joylashuvi hamda yashash tarzi bilan ham oʻz anʼanalariga sodiq qolgan hudud. Shu sababdan bu yerga kelgan turist har kelganida oʻzi uchun yangiliklar kashf etadi. Shahrisabz sayyohlarni qoʻshimcha vaqtga oʻzida ushlab qolish uchun ajoyib turizm maskaniga ega boʻlyapti», — dedi Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev.

    «Ortda qolgan yilda «Miraki» mahallasiga kirib kelgan xorijlik sayyohlar soni ming nafardan ortdi. Mahalliy sayyohlarning kirib kelishi ham 1 million nafarga yaqinlashyapti. Bu yil bu koʻrsatkichlarni bir necha barobarga oshishini kutyapmiz. Buning uchun asoslarimiz yetarlicha. Bu mahalla bir paytning oʻzida 6 yarim ming nafar turistga xizmat koʻrsata oladi. Kelajakda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirishimiz uchun «Turizm mahallasi» maqomi muhim rol oʻynaydi», — deb aytib oʻtdi Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanov.

    Maʼlumot uchun «Miraki» MFYda – 3 ta madaniy meros obyektlari, 30 dan ortiq tabiiy turizm maskanlari hamda 19 ta joylashtirish vositalari va 120 dan ortiq oilaviy mehmon uylari mavjud.

    Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan Miraki turizm mahallasi 2023-yilda 800 mingga yaqin xorijiy va mahalliy turistlarga xizmat koʻrsatgan.

    Hududning oʻziga xos «tashrif qogʻozi»ga aylanib borayotgan Hisorak suv ombori atrofida sayyohlar uchun «Tomosha maydonchasi» va «Dor yoʻli» faoliyati yoʻlga qoʻyilgan, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.