Miroboddagi Taras Shevchenko koʻchasi gastronomik koʻchaga aylantiriladi

    Shu yilning 15-iyuldan Mirobod tumani Taras Shevchenko koʻchasini gastronomik koʻchaga aylantirish boʻyicha keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari boshlanadi.

    Bu haqda Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

    Ushbu koʻchada bunyodkorlik ishlari boshlanishi munosabat bilan shu yilning 13-iyul kuni, tuman hokimi Anvar Sayfutdinov T.Shevchenko koʻchasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

    Hokim uchrashuv avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 395-sonli qaroriga asosan poytaxt koʻchalarida jozibador va serqatnov turizm hamda xizmat koʻrsatish infratuzilmasini yaratish maqsadida 24/7 rejimda ishlovchi koʻngilochar koʻcha tashkil etish belgilanganini maʼlum qildi.

    Shuningdek bunyodkorlik ishlari davomida Taras Shevchenko koʻchasida yoritish ustunlarini oʻrnatish, oʻrindiqlar va chiqindi urnalarini oʻrnatish, daraxt koʻchatlari oʻtqazish, sugʻorish tizimlarini oʻrnatish, audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar oʻrnatish, fotozonalar uchun dekorativ elementlar tashkil etish, piyodalar yoʻlaklari, velo-yoʻlaklar va zamonaviy oʻrindiqlar tashkil etish, bolalar oʻyingohi va koʻrgazmali sahna oʻrnatish kabi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.