Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda viloyat hokimi, viloyat va tuman sektor rahbarlari, mehnat faxriylari, mahalla faollari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev soʻzga chiqib, Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda barcha sohalardagi kabi madaniyat tizimida ham amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar oʻzining yorqin samarasini berayotgani ushbu goʻzal madaniyat muassasasi aksida oʻzining yana bir isbotini topganini taʼkidlab, yurtimizga kirib kelgan fasllar kelinchagi bahor fasli va yaqinlashib kelayotgan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan samimiy qutladi.

—Oʻtgan yil biz sirdaryoliklar uchun sinovli boʻldi, hususan, ushbu “Madaniyat uyi” ham Sardoba suv toshqinidan talafot koʻrgan binolar qatorida edi, — deydi viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev. — Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan ushbu “Madaniyat uyi” oʻzgacha qiyofa kasb etdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.Ushbu maskan viloyatimizda madaniyat va sanʼatning eng yaxshi anʼanalarini boyitib, yangi avlodlarga bezavol yetkazishda avvalo, yoshlarimizning maʼnaviy olamini yana-da yuksaltirishda oʻrni beqiyos. Sanʼatni eʼzozlaydigan xalqimizga maʼnaviyat oʻchogʻi boʻlmish madaniyat saroyi muborak boʻlsin. Shunday ekan, adabiyotni sevadigan, Har birimizning pok niyat va tilaklarimiz ijobat boʻlsin. Vatanimiz tinch, xalqimiz omon boʻlsin.

“Madaniyat uyi” ni tubdan qayta rekonstruksiya qilishda fidoiylik koʻrsatgan bir guruh quruvchilarga viloyat hokimligi tomonidan zarbob toʻn va esdalik sovgʻalari topshirildi. Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Ushbu maskanga “Oʻzbekiston qahramoni”, xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripov nomi berilgan boʻlib, qurilish jarayonida mavsumiy ishchilar bilan birga 70 nafar quruvchi fidokorona mehnat qildi. Obyektning umumiy loyiha qiymati 5 milliard 400 million soʻmni tashkil etdi.

Shu oʻrinda, “Madaniyat uyi” dagi taʼmirlash ishlari jahon, Yevropa va Sharq andozalarining uygʻunlashgan uslubiga mos ravishda amalga oshirilganini alohida taʼkidlash lozim. Mazkur binodagi mavjud 20 ta xona va tomosha zali mukammal taʼmirdan chiqarilib, barcha zarur qulayliklar yaratilgan.

“Madaniyat uyi” da mahalla fuqarolari ayniqsa, yoshlar uchun xoreografiya, rubob, dutor, doira, raqs, rassomlik kabi 10 ga yaqin toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilganligi tahsinga loyiq. Shuningdek, ushbu madaniyat muassasasida fuqarolar kutubxona va ovoz yozish studiyasi xizmatlaridan foydalanishlari mumkin.

“Madaniyat uyi” katta miqdordagi kitoblar fondi, turli musiqiy cholgʻu asboblari, raqs liboslari bilan taʼminlangani uning moddiy texnika bazasini mustahkamlagan boʻlsa, qattiq va yumshoq mebellar, kompyuter jamlanmalari va boshqa zarur buyumlar bilan jihozlangani, ushbu muassasada faoliyat yurituvchilar uchun ayni muddao boʻldi.

“Navbahor” mahalla fuqarolar yigʻini “Madaniyat uyi” ning yosh havaskor xonanda, sozanda va raqqosalari tomonidan kichik konsert dasturi namoyish etildi. Tadbir barcha ishtirokchilarga koʻtarinki ruh, bayramona kayfiyat ulashdi.

Viloyat hokimligi Axborot xizmati