Mirzaobodda Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi fizika faniga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi ochildi

    Mamlakatimizda 2 Aprel 2021 2216

    Bugun Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi fizika faniga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi oʻz faoliyatini boshladi.

    Viloyat hokimligi matbuot xizmati surati

    Maktabning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Gʻofujon Mirzayev, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, viloyat, tuman sektor rahbarlari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Tayanch maktabi qurilishi oʻtgan yilning avgust oyida boshlanib, qisqa muddatlarda “Qishloq qurilish invest” MCHJning homiylik mablagʻlari hisobidan qurib bitkazildi.

    Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi tayanch maktabi toʻrt qavatli qilib qurilgan boʻlib, 330 oʻringa moʻljallangan. Boʻlajak fiziklar maktabida 23 ta oʻquv xonasi, 4 ta xorijiy tillar, axborot texnologiyalari xonasi, kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, 1 ta ochiq sport maydoni hamda zamonaviy kutubxona sifatli taʼlim-tarbiya jarayonlarini tashkil etishga xizmat qiladi.

    Viloyatda 2019-yil 297 ta umumtaʼlim maktabi faoliyat yuritgan boʻlsa, 2020-yilda ularning soni 313 tani tashkil etdi. 2021-yilga kelib maktablar soni 315 taga yetdi. Sirdaryoda 2020-yilda ixtisoslashgan taʼlim muassasalari soni 13 tani tashkil etgan boʻlsa, joriy yilda yana 11 ta ana shunday maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va viloyatda ixtisoslashgan taʼlim muassasalari soni 24 tani tashkil etadi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.