Mis sanoatini rivojlantirishda Chili tajribasidan foydalaniladi

    Xalqaro hamkorlik 10 Yanvar 2022 1867

    Chili Universiteti muhandis kimyogari va materialshunoslik fanlari boʻyicha nomzod Xuan Karlos Salas hamda Chili davlati taraqqiyot siyosati va xalqaro munosabatlar boʻyicha mutaxassis Melvin Romero Sanmartindan iborat ekspertlar guruhi mamlakatimizga keldi.

    Tashrif doirasida mehmonlar 2022-yil 8-9-yanvar kunlari Olmaliq-kon metallurgiya kombinatida ham boʻlib, muzokaralar oʻtkazildi.

    Uchrashuv davomida mis sanoati klasteri boʻyicha istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Shuningdek, togʻ-kon va mis sanoati klasterini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish, mis xomashyosi asosida ishlab chiqariladigan mahsulotlar zanjirini yaratish modellari va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan oʻzaro fikrlar almashildi.

    Aytish lozimki, Chili dunyoda mis ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi davlat hisoblanadi. Kelgusida yurtimizda mis sanoatini rivojlantirishda Chili tajribasidan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish belgilangan.

    Ekspertlar guruhi “Qalmoqqir” va “Yoshlik-1” konidagi texnologik ishlab chiqarish jarayoni bilan ham yaqindan tanishdi. Xorijlik mehmonlar yillik quvvati 60 million tonna rudani qayta ishlash imkoniga ega boʻlgan 3-Mis boyitish fabrikasi qurilishi jarayonini ham koʻzdan kechirib, ushbu loyiha boʻyicha toʻliq maʼlumotga ega boʻldi.

    Shundan soʻng Angren erkin iqtisodiy zonasida joylashgan Angren quvur zavodi faoliyati hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ham mehmonlarga koʻrsatildi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.