Elchi qabul uchun minnatdorlik bildirib, joriy yil 24-oktyabrdagi Prezident saylovi muvaffaqiyatli, ochiq va oshkora, koʻp sonli xalqaro kuzatuvchilar ishtirokida oʻtganini qayd etdi. Mamlakatda xorijiy davlatlar bilan hamkorlik borasida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi.
Arab mamlakatlari xususan, Misr Arab Respublikasi bilan koʻptomonlama va oʻzaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani qayd etildi.
Oʻzbekiston va Misr munosabatlari yanada rivojlanib, anʼanaviy doʻstlik va oʻzaro ishonch ruhidagi aloqalar koʻlami kengayib boryapti.
Muloqotda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-maʼnaviy, sayyohlik jumladan ziyorat turizmi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.
Ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishda parlamentlararo munosabatlarni kengaytirish muhim oʻrin tutadi.
Shu oʻrinda tomonlar ikki mamlakat parlamentlaridagi Doʻstlik guruhlari faoliyatini jadallashtirish masalalariga eʼtibor qaratdilar.
Uchrashuvda tomonlar gender tenglikni taʼminlash, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalarida hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.