Misr G'azodagi urushni to'xtatish rejasini taqdim etdi – OAV

    Misr Isroil va Falastinning HAMAS harakatiga G'azo sektoridagi urushni tugatish va mojarodan keyingi rivojlanish bo'yicha uch bosqichdan iborat o'z taklifini taqdim etdi.

    Bu haqda “Asharq” telekanali boshqa manbalarga tayanib xabar berdi.

    Telekanalning qayd etishicha, Misr tomonidan taklif etilgan tashabbusning uch bosqichini amalga oshirish Isroil va Falastin o'rtasida o't ochishni to'xtatishga olib kelishi kerak.

    “Asharq”ning xabar berishicha, Misr tashabbusi uch bosqichdan iborat bo'lib, ularning birinchisi ikki haftalik muddatga gumanitar sulh tuzishni o'z ichiga oladi, bu muddat yana ikki haftaga uzaytirilishi mumkin. Birinchi bosqichda Hamas 40 nafar isroillik asir ayollar, bolalar va qariyalarni ozod qilishi kerak.

    Bunga javoban Isroil xuddi shu toifadagi 120 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi lozim, sulh G'azo sektoriga oziq-ovqat, tibbiy yordam va yonilg'i yetkazib berishni ham nazarda tutadi.

    Misr tashabbusining ikkinchi bosqichi doirasida G'azo sektorida insonparvarlik yordami, anklavni tiklash jarayoni va Falastinda umumiy prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko'rishni nazorat qiluvchi texnokratlar hukumati tuzilishi kerak.

    Telekanal ta'kidlaganidek, oxirgi bosqich to'liq va keng qamrovli o't ochishni to'xtatishni, shuningdek, asirga olingan barcha isroillik askarlarni ozod qilish bo'yicha kelishuvni nazarda tutadi. Bu bosqichda Isroil tomonidan ozod qilinadigan falastinlik mahbuslar soni aniqlanadi. Uchinchi bosqich, shuningdek, Isroil qo'shinlarini G'azo sektori shaharlaridan olib chiqib ketish va qochqinlarning anklavdagi uylariga qaytishiga ruxsat berishni ham o'z ichiga oladi, deb xabar beradi ria.ru.