O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 20-21 fevral kunlari Misrga buyurgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar hamda mamlakatimiz rahbarining “Gepatit S” kasalligini yuz foiz davlat hisobidan davolash bo‘yicha saylovoldi tashabbusi ijrosi doirasida Misr sog‘liqni saqlash vazirligi bilan olib borilgan muzokaralar natijasi o‘laroq, O‘zbekistonga insonparvarlik yordam sifatida ajratilayotgan gepatit “S” virusi qarshi “Daklatasvir” dori vositalarining navbatdagi turkumi mamlakatimizga yuboririldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Kecha «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi ushbu insonparvarlik ko‘magining navbatdagi o‘n birinchi turkumini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga yetkazib berdi. Ushbu dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Kezi kelganda qayd etish joizki, Misr gepatit “V” va “S” viruslariga qarshi kurashda dunyo miqiyosida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan. Misr Sog‘liqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisi ushbu kasallikdan butunlay forig‘ bo‘lgan.
Misr Sog‘liqni saqlash vaziri Xalid Abdug‘affor joriy yil 21-30 may kunlari Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 76-sessiyasida bu haqda maʼlum qilgan edi.
Ushbu mamlakatda “S”gepatiti virusiga batamom barham berilgani to‘g‘risidagi shahodatnoma Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan Misr hukumatiga taqdim etilishi kutilmoqda. Muxtasar qilib aytganda, ko‘p yillar davomida ushbu kasallikdan aziyat chekkan Misr bu kasallikni yengishga muvaffaq bo‘lgan dunyodagi birinchi davlatga aylanadi.