Misr nashri: "O'zbekiston keng ko'lamli islohotlar yo'lidan ishonch bilan bormoqda"

    O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Shuhrat Irgashev qalamiga mansub «Konstitutsiyaviy islohot davlat va jamiyatni yana-da rivojlantirish omili sifatida» sarlavhali maqolasi Misrning «Sada al-Balad» axborot agentligi veb-saytida joylashtirildi.

    «Hozirgi bosqichda O‘zbekiston mamlakatni yana-da rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yo‘lidan ishonch bilan bormoqda,- deyiladi maqolada. - Joriy yilning 30 aprel kuni Konstitutsiyani o‘zgartirish boyicha o‘tkaziladigan referendum respublika tarixidagi muhim voqealardan biri bo‘l ib qoladi. Asosiy qonunni yarmidan ko‘proqqa o‘zgartirishi kerak bo‘lgan o‘zgartirishlarning yagona to‘plami ovoz berish uchun kiritiladi».

    Muallif taʼkidlaganidek, Konstitutsiyaning amaldagi tahriri 1992 yildan beri mavjud. Bosh qonunning moddalari sonini amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar sonini esa 275 tadan 434 tagacha oshirish ko‘zda tutilgan, bu esa uning mazmunini mos ravishda 65 foizga o‘zgartiradi. Demak, mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalarning soni va mazmuni Konstitutsiyaning yangi tahririni qabul qilish zaruratidan dalolat beradi.

    «Yangilanayotgan Konstitutsiya O‘zbekiston xalqini aholining barcha qatlamlari manfaatlari hisobga olingan rivojlangan davlat – Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi atrofida birlashtiradi. Loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspert va ilmiy doiralar, ziyolilar vakillari faol ishtirok etdi. Mamlakatimiz mustaqilligini asrab-avaylash va yana-da mustahkamlash, xalq farovonligi va manfaatlarini yuksaltirishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirish, qonun ustuvorligi va adolat o‘rnatish, odamlarga eʼtibor qaratish va g‘amxo‘rlik qilish kabi qadriyatlar mazkur konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning asosini tashkil etadi», deya qayd etadi manba.

    Maqola muallifi, shuningdek, Konstitutsiyaning yangi tahririda davlat va jamiyat taraqqiyotini yana-da yuksaltirishga xizmat qiluvchi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida tarixiy bosqichni belgilovchi qator muhim omillarni batafsil tahlil qilgan.

    «Umuman olganda, ushbu konstitutsiyaviy meʼyorlarning barchasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining ustuvor yo‘nalishlariga mos keladi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha bo‘lajak referendum mamlakatda fuqarolarning bugungi va kelajak avlodlari farovonligi yo‘lida davlat hamda jamiyat taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratuvchi keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirishga xizmat qiladi», deb yozadi «Sada al-Balad» AA.