Unda ma’lum qilinganidek, shu yil 31-iyulda Toshkentda «O‘zbekistondagi norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholash natijalari» mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirning maqsadi Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) texnik ko‘mak missiyalari doirasida olib borilgan tahlil natijalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
«Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov, tadbirni ochib, ishtirokchilarni O‘zbekistonda iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan islohotlar haqida xabardor qildi, – deyiladi maqolada. – U norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholashni mavjud salohiyatni aniqlash va samarali davlat siyosatini ishlab chiqish uchun muhim instrument sifatida ta'kidladi».
Qayd etilishicha, tadqiqot respublika bo‘yicha 14 ta hududda olib borildi. Xususan, 2023-yil iyul-avgust oylarida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) texnik ko‘mak missiyasi jalb etilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 165 ta tuman bo‘yicha 7 mingdan ziyod uy xo‘jaliklarining yashash va ovqatlanish, transport, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa xizmatlariga xarajatlari so‘rovnoma asosida o‘rganildi.
«Amalga oshirilgan tahlillarga natijasiga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonning nominal YaIM hajmi 125,6 trillion so‘mga (10,7 milliard dollarga) oshdi va 1 192,2 trillion so‘m (101,6 milliard dollar)ni tashkil etdi», – deyiladi «Sada al-Balad» axborot agentligi tarqatgan maqolada, deb xabar beradi «Dunyo» AA.