Misrda taniqli o‘zbek shoirlarining ingliz va arab tillaridagi kitoblari taqdim qilindi

    Madaniyat 17 Oktabr 2022 1555

    21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan mamlakatimizning Misrdagi elchixonada o‘zbekistonlik shoir, yozuvchi va adabiyot ixlosmandlari ishtirokida maʼnaviy–maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

    Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi Hulkar Hamroyeva, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, sharqshunos olim Murtazo Saydumarov, «Inside Kashkadarya» jurnali bosh muharriri Asror Allayorov, shuningdek, Misr matbuot uyi vakillari, faol vatandoshlar ishtirok etdi.

    Badiiy kecha davomida so‘nggi yillarda o‘zbek tili va adabiyotining rivojiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor, mamlakatimizda adabiyotimiz durdonalarining qayta chop etilib keng jamoatchilikka taqdim etilayotgani qayd etildi.

    Tarjimonlik sohasidagi rivojlanish natijasida xorijiy, xususan, arab shoir va yozuvchilari asarlari ham o‘zbek tiliga o‘girilib, o‘quvchilar jahon adabiyoti namunalaridan bahramand bo‘layotgani alohida ko‘rsatib o‘tildi.

    Murtazo Saydumarov arab va o‘zbek adabiyotidagi umumiyliklar va modernizm jarayonlari, asarlar tarjimasidagi o‘ziga xos jihatlar, o‘zaro badiiy hamkorlik istiqbollari to‘g‘risida maʼruza qildi.

    Tadbir davomida shoir va yozuvchilar sheʼr va g‘azallardan parchalar o‘qib, yig‘ilganlarni mamnun etdilar.

    Uchrashuv doirasida o‘zbek xalqining atoqli ijodkorlari O‘zbekiston xalq yozuvchisi Anvar Obidjon, taniqli shoirlar Minhojiddin Mirzo, Hulkar Hamroyeva, Halima Jumaniyozova, Shahodat Isoxonova, Chori Avaz, Raʼno Sayfullayeva, Aʼzam O‘ktam ijodiga mansub sheʼrlarning ingliz va arab tillariga tarjimalari jamlangan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

    O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari Iskandariya va Sharm am-Shayx shaharlari hamda Iordaniyaga ijodiy safar qiladi.