Mazkur aksiyani O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning Qohiradagi Elchixonasi va «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi tashkil etgan bo‘lib, ushbu yukning yurtimizga olib kelinishi O‘zbekiston va Misr o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yana-da jadallashtirish, virusologiyada o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish doirasida avval erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasidir.

Umumiy qiymati 34930 AQSH dollarini tashkil etgan 17 mingdan ortiq “Daklatasvir” dori vositalari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.

Taʼkidlash lozimki, Misr sog‘liqni saqlash vazirligi bilan  
2023-2024 yillar davomida umumiy qiymati 4,8 million dollarlik jami 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) S gepatitiga qarshi “Daklatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalarini yurtimizga bepul yetkazib berish bo‘yicha  kelishuvlarga erishilgan.