Misrdan Toshkentga “C” gepatetiga qarshi dori vositalarining navbatdagi partiyasi yetkazildi

    Misr hukumati tomonidan Oʻzbekistonga insonparvarlik yordami sifatida ajratilgan “Sofosbuvir-400mg” dori vositasining joriy yildagi toʻrtinchi partiyasi Toshkentga yetkazildiyu

    “Dunyo” AAning xabar berishicha, mazkur partiya “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi tomonidan Sharm-al-Shayxdan Toshkentga olib kelindi.

    Misr hukumati yordamining joriy yildagi 4-partiyasi umumiy 32 dona qutidan iborat boʻlib, ular 7680 dona “Sofosbuvir-400mg” dori vositalarini oʻz ichiga oladi.

    Mamlakatimizda gepatit “S”ni 2030-yilga qadar bartaraf etish boʻyicha milliy dastur ijrosi doirasida dori vositalari Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlarga taqsimlanadi.

    Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Misr hukumati tomonidan 2023-2024-yillar davomida ushbu virusga qarshi vazni 12.4 tonna boʻlgan “Daclatasvir” va “Sofosbuvir” dori vositalarining 27 ta partiyasi mamlakatimizga yetkazib berilgan. Mazkur dori vositalarining umumiy qiymati 1.4 million AQSH dollariga teng.