“Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi nemis tomoshabinlari olqishiga sazovor boʻldi

    Berlindagi nufuzli “delphi LUX” kinoteatrida isteʼdodli oʻzbek kinorejissyori Yolqin Toʻychiyevning “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” badiiy filmining namoyishi boʻlib oʻtdi.

    Mamlakatimiz elchixonasi va Oʻzbekiston kinematografiya agentligi tomonidan Germaniya Tashqi ishlar vazirligi va “MINZ Internationale Kulturprojekte” tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan tadbir ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash doirasida boʻlib oʻtdi.

    Nemis tomoshabinlari oʻzbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan filmni iliq qabul qildi. Eʼtiborlisi, film ingliz tilidagi subtitrlar bilan birga oʻzbek tilida original ovozli shaklda namoyish etildi.

    1920-yillarda Turkiston oʻlkasidagi fuqarolar urushi sharoitida yashagan film qahramonlarining fojiali taqdiri haqida hikoya qiluvchi ushbu kinodrama oʻzining falsafiy teranligi bilan nemis kino ixlosmandlarini eʼtiborini qozondi.

    Talabchan nemis kino muxlislari oʻzbek kinoijodkorlarining mahoratini – yuqori professional rejissyorlik darajasi, operatorlar va ovoz muhandislarining mehnati va, albatta, ajoyib aktyorlik ijrosini alohida eʼtirof etdi.

    Gabriele Mins, “MINZ Internationale Kulturprojekte” tashkiloti direktori:

    - Juda yuqori saviyali filmni tomosha qilish imkoniyati taqdim etilgani uchun minnatdorlik bildiramiz. Film bizni boshqa zamon va makonga olib kirdi, qahramonlarning samimiy ehtiroslarini his qildim. Bu film tarjimaga muhtoj emas.

    Xanna Danxem, kinotanqidchi:

    - Film meni hayratga soldi. Aktyorlar ijrosi, ularning nozik va mazmunli nigohlari, yuz harakatlari va plastikasi, tanlangan ranglar menda katta taassurot qoldirdi. Dramatik tasvirlar va ajoyib operatorlik ishi tufayli bularning barchasi shunchaki qahramonlarning hayotiga kirishga imkon berdi. Zamon manzarasi va ijtimoiy-siyosiy vaziyat ishtirokchilarining kuchli his-tuygʻulari va ehtiroslari aktyorlar truppasi tomonidan mahorat bilan ochib berilgan. Film tugaganidan keyin ham menda ularni oʻrganish va koʻrish, shu odamlarning yonida yashash xohishi paydo boʻldi.

    Lina fon Krays, talaba:

    - Taʼsirli manzaralar, kuchli rakurslar va hayajonli hikoya, koʻp qirrali qahramonlar, birinchi navbatda, epik aktyorlar mahoratidan taʼsirlandim. “Faridaning ikki ming qushigʻi” filmi zalda toʻplangan barcha tomoshabinlarni oʻz sehriga tortgani namoyish soʻnggida butun kinoteatrda sezildi. Hech kim oʻrnidan qimirlamadi, bir ogʻiz soʻz aytmadi. Hamma oʻz hayotiga qaytishi uchun biroz vaqt kerak boʻldi... Uzoq vaqt esda qoladigan hayajonli film.