1 noyabrdan boshlab «DIGMO» kompaniyasi bilan birgalikda Misrning Qohira, Iskandariya, Giza va Shayx Zayid shaharlarining markaziy ko'chalarida O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ'ib etuvchi aktsiya o'tkazilyapti.
Tegishli banner va elektron ekranlar Qohiraning «O'zbakiya» tumanidagi Ramzes maydonida, Iskandariya shahri markazidagi O'rta Er dengizi sohilidagi mashhur «Stanley Bridge» ko'prigi yaqinida, Giza va Shayx Zayid shaharlaridagi yirik savdo markazlariga tutash avtomobillar va aholi gavjum hududlarda joylashtirilgan.
10-15 soniya davom etayotgan videolavhalarda ingliz va arab tillarida mamlakatimizning ziyorat turizmi imkoniyatlari, islom olamida mashhur bo'lgan Samarqand, Buxoro va Xorazm singari qadimiy shaharlarimizdagi tarixiy yodgorliklar hamda yurtimizning go'zal tabiati namoyish etilmoqda.