Ushbu yarmarkada Turizm qoʻmitasi va “Milliy PR-markazi” DUK tomonidan “Oʻzbekiston” milliy stendi tashkil etildi va yurtimiz turizm salohiyati yuqori saviyada namoyish etildi.
Yurtimizda faoliyat yurituvchi 8 ta turfirma, “Uzbekistan airways” milliy aviakompaniyasi hamda Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Navoiy viloyatlar va Toshkent shahri turizm boshqarmalari vakillari ishtirok etdi va 100 dan ortiq kelishuvlarga erishildi.
Oʻzbekiston stendi koʻrgazmadagi eng koʻp tashrif buyurilgan stendlardan biriga aylandi. Koʻrgazmaning birinchi ish kunida Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati va madaniyatiga bagʻishlangan stendda milliy raqslar namoyish etildi, turizmning turli yoʻnalishlari haqida maʼlumotlar taqdim etildi. Unda tashrif buyuruvchilar oʻzbek xalqining boy madaniyati va tarixi bilan tanishtirildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston oʻzining qadimiy tarixi va boy madaniy merosi tufayli rossiyalik sayyohlar orasida eng mashhur yoʻnalishlarning TOP-10 taligiga kiradi.
MITT — 30-yildan beri Moskvada oʻtkazilib kelinayotgan Xalqaro turizm va mehmondoʻstlik sanoati koʻrgazmasi. Bu turizm sohasidagi eng yirik va ahamiyatli “B2B” tadbirlaridan biri boʻlib, har yili dunyoning turli burchaklaridan kelgan soha mutaxassislarini bir joyga toʻplaydi.