Xususan, 2022–2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasida ham aholining turmush farovonligini oshirish orqali kambagʻallikni qisqartirish, uning huquq va erkinliklarini taʼminlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini hamda fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish kabi bir qator ustuvor vazifalar belgilangan.

2022-yilning 18-23-aprel kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov vodiy viloyatlarida boʻlib, joylarda Taraqqiyot strategiyasi hamda Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi bilan yaqindan tanishdi. Xususan, 23-aprel kuni E.Tulyakov Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumanidagi taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi ijtimoiy soha obyektlari, aholi bandligini taʼminlash uchun qurib foydalanishga topshirilgan ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini oʻrganib, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazdi.

Jumladan, tashrif doirasida tumanning “Kichik Oqmachit” mahallasidagi 42-sonli davlat maktabgacha taʼlim muassasasi, mahallada tashkil etilgan oilaviy korxonalar faoliyati hamda sektorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Tashrif yakunida E.Tulyakov tumandagi sektor rahbarlari hamda muttasaddi tashkilotlar vakillariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambagʻallikni qisqartirish, bunda aholini yangi ish oʻrinlari va kafolatli daromad manbaiga ega boʻlishi, malakali tibbiy va taʼlim xizmatlari, shuningdek munosib yashash sharoitlari bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish zarurligi yuzasidan oʻz fikr va tavsiyalarini bildirdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati