Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi axborot xizmati rahbari maʼlum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona viloyati Quvasoy shahridagi 17 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida Turkiya davlatining “Garden Catering” korxonasi Keytering usulda ovqatlantirishni tashkil etishi yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan qabul qilingan qaror keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi masʼullari tomonidan oʻtkazilgan dastlabki oʻrganishlarda quyidagi xulosalar qayd etildi.
Tarbiyalanuvchilarga yetkazib beriladigan taomlarni tashish, saqlash hamda isteʼmolga berilishiga qoʻyiladigan sanitariya-gigiyena talablari boʻyicha tizimli ishlar belgilab olinmagan.
Keytering tashkiloti tomonidan tarbiyalanuvchilarga sarflanadigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda tayyorlanadigan taomlardan olinadigan kunlik sanamalar, yaʼni bolalarga beriladigan taomlarni sifatini doimiy nazorat qilib borish boʻyicha maxsus laboratoriya joriy qilinmagan.
Bundan tashqari, viloyat hokimligining qaroriga asos qilib olingan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 30-iyundagi 407-sonli qarorida va umuman normativ huquqiy-hujjatlarda keytering usulida ovqatlantirish bilan bogʻliq tartiblar belgilanmagan. Shuningdek, “Xarid.uz” yoki boshqa portallar orqali shartnomalar tuzish boʻyicha huquqiy asos mavjud emas. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 22-apreldagi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga rioya etilishi shart.
Maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilarini sogʻlom ovqatlantirish bilan bogʻliq har qanday tashabbus Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda, amaldagi qonun hujjatlari talabalari asosida yoʻlga qoʻyilishi lozim deb hisoblaymiz, — deyiladi xabarda.