Mobile ID: uning afzalligi nimada?

    Joriy yilning 1-avgustdan boshlab “Elektron hukumat” tizimlariga kirishda shaxsni identifikatsiyalash va tasdiqlashning yangi moduli – Mobile ID sinov tartibida ishga tushdi.

    Ayni kunda aholini Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko'ra barcha Davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil ilovasi orqali amalga oshirilmoqda. Bu borada Toshkent viloyatida ham bir qator ijobiy ishlar olib borilmoqda.

    — Endilikda ushbu modul yordamida fuqarolar doimo yonida olib yuruvchi mobil telefon raqami orqali ro'yxatdan o'tib, barcha davlat xizmatlaridan (moliyaviydan tashqari) elektron raqamli imzosiz foydalanishlari mumkin, faqat buning uchun fuqarolarimiz smartfoniga my.gov.uz mobil ilovasini yuklab olgan bo'lishi lozim, — deydi Qibray tuman adliya bo'limi Davlat xizmatlari markazi direktori Zebuniso Hakimova. — Shu kungacha tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar, qolaversa, fuqarolardan 3 ming 45 nafari bevosita Davlat xizmatlari markazimizga kelgan holda Mobil-ID tizimiga ulandi.

    Bevosita Davlat xizmatlari markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar to'lov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik to'lov undirilgan holda amalga oshiriladi.

    Ma'lumot o'rnida, Toshkent viloyatida 22 ming 297 nafar fuqaro bevosita Davlat xizmatlari markaziga kelgan holda Mobil-ID tizimiga ulangan, deb xabar beradi Toshkent viloyati adliya boshqarmasi matbuot xizmati.