Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 1,1 trln so’mlik aliment pullari undirildi

    Bu haqda Aokada o’tkazilgan brifingda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo’latov maʼlum qildi.

    Taʼkidlash joizki, aliment undiruviga oid ijro hujjatlarining ijrosini taʼminlash bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri bo’lib qolmoqda. Ko’rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning o’tgan davrida, Byuro ish yurituvidagi davriy to’lov hisoblangan jami 455 mingga yaqin alimentga doir ijro hujjatlaridan 150 mingdan ortig’ining ijrosi taʼminlanib, tamomlangan.

    Shuningdek, moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga 1,1 trln. so’mlik aliment pullari undirildi, 9,2 mlrd. so’mlik (46 ta) uy-joy va 636 mln. so’mlik (8 ta) transport vositasi aliment oluvchilarga oldindan to’lab berilishi taʼminlandi. Aliment undiruviga oid ishlar bo’yicha taraflar o’rtasida olib borilgan targ’ibot va profilaktika ishlari samarasida joriy yilning o’tgan davrida 45.500 dan ortiq oilalarning yarashtirilishiga erishildi. Shu bilan birga, 21.300 dan ziyod ishsiz bo’lgan aliment to’lovchilar fuqarolarning ish bandligi masalasi hal etildi.

    Maʼlumki, davlatimiz rahbarining joriy yil 7-martdagi “oila va xotin-qizlarni tizimli qo’llab-quvvatlashga doir ishlarni yana-da jadallashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoniga asosan majburiy ijro byurosining “aliment to’lovlari” davlat maqsadli jamg’armasi tashkil etildi. Shundan so’ng, Vazirlar Mahkamasining “aliment to’lovlari jamg’armasi faoliyatini tashkil etish to’g’risida”gi 427-sonli Qarori bilan ushbu jamg’arma Nizomi ham tasdiqlandi.

    Ushbu jamg’arma tashkil etilishi- ayrim qarzdor bo’lgan shaxslar aliment to’lashdan bo’yin tovlashi oqibatida, jinoiy javobgarlikka tortilgan bo’lsada, farzandlarining moddiy jihatdan taʼminlab borilishi to’xtab qolmaydi, balki ushbu huquqning davlat tomonidan kafolatlanishini anglatadi. Boshqacha aytganda, jamg’arma hisobidan to’lovlar faqat voyaga yetmagan farzandini moddiy taʼminlashdan bo’yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdorga nisbatan tatbiq etiladi va jamg’arma faoliyatini boshqarish Majburiy ijro byurosi tomonidan amalga oshiriladi.

    Bugungi kunga qadar, “aliment to’lovlari” jamg’armasi hisobidan aliment to’lamaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning qarzdorligini qoplash uchun 315 nafar undiruvchilarga jami 3 mlrd. 665 mln. so’m mablag’lar to’lab berilgan.