Uchrashuv davomida tomonlar “Moʻgʻuliston – Oʻzbekiston” parlamentlararo guruhi doirasidagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratib, Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi va Moʻgʻuliston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarilgani alohida qayd etildi.
S.Erdenebat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va hududiy vakillik organlariga saylovlar yuqori saviyada tashkil etilganini taʼkidlab, saylov jarayonining barcha bosqichlari shaffof, ochiq va xolis oʻtganini, xalqaro demokratik standartlarga muvofiq boʻlganini eʼtirof etdi.
Parlament saylovi yangilangan Konstitutsiya asosida mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda oʻtkazilgani taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish, “Moʻgʻuliston – Oʻzbekiston” parlamentlararo guruhi doirasidagi hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, keng hamkorlik uchun aniq tadbirlar rejasini ishlab chiqish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.