Moʻgʻuliston bilan transport-logistika sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

    Transport 10 Mart 2023 1911

    Joriy yil 9-martda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov Moʻgʻuliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batseseg xonim bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish, turizm, savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama etdi.

    Xususan, tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasida avtomobil transportida yuk tashuvlarini yoʻlga qoʻyish, bunda milliy tashuvchilar uchun qulay sharoitlarni yaratish, ikki davlat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni tashkil etish orqali yoʻlovchi va yuk tashuvlarini rivojlantirish yuzasidan fikr almashdi.

    Mazkur yoʻnalishlarda amaliy natijalarga erishish maqsadida tezkor choralar koʻrilishini har ikki tomon vakillari alohida taʼkidlab oʻtdi. Tomonlar mamlakatlarimiz oʻrtasida transport va logistika yoʻnalishida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha sharoitlar mavjudligini, imkoniyatlardan samarali foydalanish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini qayd etdi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

    Uchrashuvda muhokama etilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.